Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalarga ko‘maklashish va muammolarni joyida o‘rganish deputatlik nazoratining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining 17-“Surxon sohili” saylov okrugi deputati B.Rahmatullayev hamda kotibiyat bosh mutaxassisi R.Mamashukurov mahalla raisi va faollari bilan birgalikda hududda ko‘chama-ko‘cha, xonadonma-xonadon o‘rganish ishlarini olib bordi.
O‘rganish davomida fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot qilinib, ularning ijtimoiy-maishiy muammolari, ehtiyojlari va takliflari tinglandi. Jumladan, mahalladagi Xondamir ko‘chasi, 14-uyda yashovchi T.Boboyev xonadonining holati alohida o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur xonadon yong‘in oqibatida talafot ko‘rgan bo‘lib, oila ijtimoiy himoya va moddiy ko‘makka muhtoj. Xonadonning mavjud holati va oilaning ehtiyojlarini o‘rganish orqali zarur yordam ko‘rsatish masalasiga e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘rganish Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar bo‘yicha doimiy komissiyasining 2026-yil 2-oktabrdagi DKQ 06-01/79-26-sonli qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi. Qarorda belgilangan vazifalar asosida ta’mirtalab uy-joylarda yashovchi, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash masalalari o‘rganilmoqda.
Bunday manzilli o‘rganishlarning asosiy maqsadi — muammolarni shunchaki qayd etish emas, balki ularni hal qilish choralarini belgilash va yordamga muhtoj oilalarni tegishli qo‘llab-quvvatlash mexanizmlariga yo‘naltirishdir.
Deputatlik nazorati doirasida fuqarolar murojaatlarini o‘rganish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar manfaatlarini ta’minlash hamda mahallalardagi dolzarb masalalar yechimiga ko‘maklashish ishlari davom ettiriladi.