Farzandlarimizning sifatli maktabgacha ta’lim-tarbiya olishlari, ularning sog‘lom va barkamol voyaga yetishlari uchun munosib sharoitlar yaratish hamda ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash deputatlik nazoratining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Shu munosabat bilan Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashi deputatlari M.Narbasheva, Sh.Xolliyeva hamda Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi raisi, deputat D.Normuradova shahardagi 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida (DMTT) bo‘lib, navbatdagi nazorat-tahlil tadbirlarini olib bordilar.
Mas’ullar muassasa ma’muriyati hamrohligida bolajonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirdilar:
• Ta’lim-tarbiya sifati va guruhlar faoliyati: Mashg‘ulotlarning zamonaviy pedagogik metodlar asosida olib borilishi, ko‘rgazmali va tarbiyaviy o‘yin qurollari bilan ta’minlanganligi;
• Sog‘lom va xavfsiz ovqatlanish: Bolalar oshxonasidagi sanitariya-gigiyena holati, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, saqlanish tartibi va kunlik taomnomaga qat’iy rioya etilishi;
• Hudud obodonchiligi va o‘yingohlar: Bolalar o‘yingohlari, xavfsizlik to‘siqlari hamda muassasa hovlisining tozalik va ko‘kalamzorlashtirish holati.
O‘rganish yakunida ta’lim-tarbiya jarayonini yanada takomillashtirish hamda bolalar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha muassasa rahbariyatiga tegishli ko‘rsatma va takliflar berildi.