Deputatlar maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘rganishlar o‘tkazdi:
2025-yilning avgust–sentabr oylarida Xalq deputatlari Termiz tuman Kengashi deputatlari tumandagi barcha maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini joyiga chiqib o‘rgandilar.
O‘rganishlar davomida bolajonlarning tarbiyalanishi, ta’lim-tarbiya jarayonida qo‘llanilayotgan usullar, ovqatlanish sifati, gigiyenik talablar, shuningdek, bog‘chalarning moddiy-texnik bazasi ko‘zdan kechirildi. Mahalla aholisi va ota-onalar bilan suhbatlashilib, ularning taklif va e’tirozlari ham inobatga olindi.
Deputatlar tomonidan ayrim muammolar ham qayd etildi. Jumladan, ba’zi bog‘chalarda isitish tizimlari va bolalar maydonchalari ta’mirtalab ekani, o‘quv-didaktik vositalar yangilanishi zarurligi, qo‘shimcha o‘rinlar yaratishga ehtiyoj borligi aniqlandi.
Uchrashuv yakunida deputatlar mas’ul tashkilotlarga murojaat qilish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq tavsiyalar berdilar.
Mazkur tashabbusning asosiy maqsadi — bolalarga yanada qulay, xavfsiz va zamonaviy sharoit yaratish hamda maktabgacha ta’lim sifatini oshirishdir.