Deputat so‘rovi ijobiy hal etildi
Xalq deputatlari Bag‘dod tumani Kengashi deputati S. Egamnazarova tomonidan tuman hokimi o‘rinbosari O. Xalimov nomiga Cheksaroy va Chektuvadoq qishloqlarini bog‘lovchi asosiy yo‘l ostidan o‘tgan zovur quvurlarini maxsus texnika yordamida chiqarish hamda ularni chiqindilardan tozalash masalasida deputatlik so‘rovi kiritilgan edi.
Mazkur deputatlik so‘rovi ijrosi yuzasidan tegishli tashkilotlar tomonidan amaliy choralar ko‘rildi. Xususan, Cheksaroy qishlog‘ining Navbahor ko‘chasi hamda Chektuvadoq qishlog‘ining Do‘stlik ko‘chasini kesib o‘tuvchi yo‘l ostidan o‘tgan kollektor tizimi to‘liq tozalandi. Shuningdek, foydalanish muddati o‘tgan va eskirgan quvurlar yangisiga almashtirildi.
Amalga oshirilgan ishlar hududda suv oqimini yaxshilash, yo‘l infratuzilmasining mustahkamligini ta’minlash hamda aholi uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratishga xizmat qiladi.