Xo‘jabargi MFYda mahalla yettiligi faoliyati o‘rganildi
Mahalla — xalq bilan davlatni bog‘laydigan, muammoni eshitib, yechimga yo‘naltiradigan eng yaqin va eng muhim bo‘g‘in. Shu bois mahallalarda olib borilayotgan ishlarni joyiga chiqib o‘rganish, aholining fikrini tinglash va mavjud muammolarga amaliy yechim izlash deputatlik nazoratining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi PF-209-son “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni hamda deputatlik faoliyatiga oid qonunchilik talablari asosida Xalq deputatlari Kogon shahar Kengashi deputati K. Yodgorova hamda “Adolat” SDP viloyat Kengashi raisi M. Hamidov tomonidan Xo‘jabargi MFY hududida mahalla yettiligi faoliyati o‘rganildi.
O‘rganish davomida aholi bilan bevosita muloqot qilindi, fuqarolar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi. Mahalla yettiligining aholiga ko‘rsatayotgan xizmatlari, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligi, mavjud muammolar va ularning yechimiga qaratilayotgan e’tibor yuzasidan fikr-mulohazalar tinglandi.
Shuningdek, hududdagi obodonlashtirish ishlari, ko‘chalar va umumiy foydalanish joylarining holati ko‘zdan kechirilib, mahallada amalga oshirilayotgan amaliy ishlar bilan yaqindan tanishildi.
Bu jarayonda har bir fikr — e’tiborda, har bir murojaat — nazoratda, har bir muammo esa yechim sari yo‘naltirilmoqda.
Deputatlik faoliyati doirasidagi mazkur o‘rganishlar Kengash kotibiyati bosh mutaxassisi Z. Temirova tomonidan muvofiqlashtirilib, deputatga amaliy ko‘mak ko‘rsatib borilmoqda.
Xalq bilan muloqot — muammoni anglash, muammoni o‘rganish — yechimga yo‘l ochish, yechimni ta’minlash — deputatlik nazoratining asosiy maqsadidir. Xalq deputatlari
Xalq deputatlari Kogon shahar Kengashi axborot xizmati