Новости

DEPUTATLIK SO‘ROVI NATIJASI: “MAJNUNTOL” MAHALLASIDAGI 26-SONLI AVTOBUS YO‘NALISHI JOYIGA CHIQIB O‘RGANILDI

#deputat_soʻrovi_javobi #poytaxtdeputatlari #deputatlik_faoliyati

❗️DEPUTATLIK SO‘ROVI NATIJASI: “MAJNUNTOL” MAHALLASIDAGI 26-SONLI AVTOBUS YO‘NALISHI JOYIGA CHIQIB O‘RGANILDI

🏛 Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Sergey Mironovning Bektemir tumani “Majnuntol” mahallasida 26-sonli avtobus yo‘nalishi harakatini tartibga solish va maxsus turargoh tashkil etish yuzasidan yo‘llagan deputatlik so‘roviga Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi tomonidan rasmiy javob taqdim etildi.

📩 Avvalroq deputat Sergey Mironov tomonidan “Majnuntol” mahallasi aholisi murojaatlari asosida 26-sonli “Majnuntol mahallasi — Oloy bozori” avtobus yo‘nalishi uchun alohida turargoh mavjud emasligi, avtobuslarning mahalla idorasi yonida to‘xtab turishi transport va piyodalar harakatida noqulayliklar yuzaga keltirayotgani masalasi ko‘tarilgan edi.

🔎 Rasmiy javobga ko‘ra, deputatlik so‘rovi yuzasidan Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi, 1-avtobus saroyi boshlig‘i o‘rinbosari hamda 26-sonli avtobus yo‘nalishi sardoridan iborat komissiya tuzilib, hududdagi holat joyiga chiqqan holda o‘rganilgan.

🤝 O‘rganish jarayonida komissiya Bektemir tumani “Majnuntol” MFY binosida mahalla raisi D. Mustafakulova bilan uchrashgan. O‘tkazilgan muloqot yakunida 26-sonli “Majnuntol mahallasi — Oloy bozori” avtobus yo‘nalishining amaldagi yo‘l chizmasiga o‘zgartirish kiritmaslik bo‘yicha kelishuvga kelingani rasmiy javobda ma’lum qilingan.

🚌 Shuningdek, rasmiy ma’lumotga ko‘ra, “Toshshahartransxizmat” AJ tasarrufidagi 26-sonli avtobus yo‘nalishida ish kunlari 14 ta, shanba kunlari 12 ta va yakshanba kunlari 10 ta jadval asosida transport vositalari harakatlanishi belgilangan. Avtobuslarning harakatlanish oralig‘i 9–13 daqiqani tashkil etadi.

🔺 Eng muhimi, “Majnuntol” mahallasi aholisiga jamoat transporti xizmatini yaxshilash maqsadida 2026-yil 12-avgustdan boshlab 26-sonli avtobus yo‘nalishiga yangi, o‘rta sig‘imli Yutong E9 rusumli elektrobus qatnovga chiqarilgani ma’lum qilindi.

📋 Bosh boshqarma tomonidan o‘rganish jarayonida olingan fotosuratlar hamda “Majnuntol” MFY raisining yozma munosabati rasmiy javobga ilova qilingan.

⚖️ Shuningdek, javobda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi 482-son qaroriga muvofiq Toshkent shahridagi umumiy foydalaniladigan yo‘nalishlarni ochish, o‘zgartirish va yopish masalalari Toshkent shahar hokimligi huzuridagi tegishli komissiya tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilanganligi qayd etilgan.

🤝 Shu tariqa, deputat Sergey Mironov tomonidan ko‘tarilgan masala mutasaddi tashkilotlar ishtirokida joyiga chiqib o‘rganildi, mahalla rahbariyati bilan muhokama qilindi hamda 26-sonli yo‘nalishda aholiga transport xizmatini yaxshilash maqsadida yangi elektrobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. “Majnuntol” mahallasida jamoat transporti harakatini tartibga solish va aholi uchun qulay sharoitlarni ta’minlash masalasi deputat Sergey Mironov tomonidan nazorat qilib boriladi.

📱 Telegram 📱 Instagram 📱 Facebook 📱 YouTube 🔎 E-kengash

Slide 1 of 1