35 yilYagona vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!

Новости

Xalq deputatlari “Buxoro viloyatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi” loyihasini koʻrib chiqdi

Bugun, 24-iyul kuni Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining oʻttiz birinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi. Sessiya kun tartibidagi birinchi masala “Buxoro viloyatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi” loyihasining muhokamasi boʻldi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-son farmoni bilan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi tasdiqlangan edi. Ushbu farmonning 4-ilovasida 2026-yil davomida ishlab chiqiladigan strategik rejalashtirish hujjatlari belgilangan.

Shunga muvofiq, mamlakatimizning barcha hududlari qatori, Buxoro viloyati uchun ham 2030-yilgacha boʻlgan strategiya (“Buxoro – 2030” strategiyasi) ishlab chiqildi. Bu hujjat “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining hududdagi davomi boʻlib, unda umummilliy maqsadlar Buxoro viloyatiga xos aniq koʻrsatkichlar va ustuvor yoʻnalishlar bilan boyitilgan. Viloyatning mavjud salohiyati, dolzarb iqtisodiy-ijtimoiy masalalar va kelgusi kutilmalar hisobga olingan.

Soʻnggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilgan ishlar natijasida hudud iqtisodiyoti tarkibiy jihatdan yangilandi. Bugun Buxoro nafaqat turizm, balki sanoat, xizmatlar va biznes jadal rivojlanayotgan hududga aylandi. Investitsiyalar hajmi bir necha barobar oʻsib, sanoat zonalari va zamonaviy korxonalar tashkil etildi, tadbirkorlik muhiti yaxshilandi, aholi bandligi va daromadlari sezilarli oshdi.

2025-yil yakuni boʻyicha viloyat yalpi hududiy mahsuloti 86,6 trillion soʻmga yetgan. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot 41 million soʻmdan oshgan.

Shu bilan birga, iqlim oʻzgarishi, suv resurslarining cheklanganligi, texnologik transformatsiya jarayonlari va xalqaro bozorlardagi oʻzgarishlar yangi vazifalarni kun tartibiga qoʻymoqda. Jumladan, Buxoro viloyatida ham hal qilinishi lozim boʻlgan qator tizimli masalalar bor.

Birinchidan, iqtisodiy oʻsish surʼatlari barcha shahar va tumanlarda bir xil emas. 

Ikkinchidan, suv resurslarining tobora cheklanib borayotgani qishloq xoʻjaligida ekstensiv oʻsishdan intensiv va yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan modelga oʻtishni taqozo etmoqda.

Uchinchidan, Buxoroning ulkan turizm salohiyatidan hali toʻliq foydalanilmayapti. Turistlarning oʻrtacha qolish muddati, yuqori qiymatli xizmatlar, raqamli servislar va xalqaro marketing imkoniyatlarini yanada kengaytirish talab etiladi.

Toʻrtinchidan, sanoatda mahalliylashtirish darajasi, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport tarkibini diversifikatsiya qilish dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.

Beshinchidan, raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalar, sunʼiy intellekt, ilm-fan va zamonaviy xizmatlar sohasini rivojlantirish orqali mehnat unumdorligini oshirish zarur.

Oltinchidan, ekologik barqarorlikni taʼminlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, yashil hududlarni kengaytirish hamda resurslardan samarali foydalanish kelgusi taraqqiyotning muhim sharti hisoblanadi.

Hudud strategiyasida aynan shu masalalarga tizimli yechim topish, viloyatning mavjud imkoniyatlarini toʻliq ishga solish va iqtisodiyotning yangi drayverlarini shakllantirish nazarda tutilgan.

“Buxoro – 2030” strategiyasining bosh maqsadi — viloyatning tarixiy, madaniy, geografik va iqtisodiy ustunliklarini toʻliq ishga solgan holda uni Markaziy Osiyoning yuqori qoʻshilgan qiymat yaratuvchi sanoat, ziyorat va madaniy turizm, zamonaviy xizmatlar, innovatsiyalar hamda raqamli iqtisodiyot rivojlangan, aholi uchun munosib hayot sifati taʼminlangan raqobatbardosh hududga aylantirishdan iborat.


USTUVOR YOʻNALISHLAR


Birinchi yoʻnalish — raqobatbardosh iqtisodiyot va yuqori iqtisodiy oʻsishni taʼminlash 

Strategiyaning birinchi va eng muhim vazifasi — Buxoro viloyati iqtisodiyotini yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan raqobatbardosh iqtisodiyotga aylantirishdan iborat.

Buning uchun 2030-yilga qadar yalpi hududiy mahsulot hajmini 13,1 milliard AQSH dollariga, aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulotni 5,8 ming AQSH dollariga yetkazish vazifasi belgilangan. 

Iqtisodiy oʻsishning asosiy manbalari sifatida sanoat, xizmatlar sohasi, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar, raqamli iqtisodiyot va xususiy investitsiyalar belgilangan.

Iqtisodiyotda mehnat unumdorligini oshirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, rasmiy bandlikni kengaytirish va biznes yuritish uchun yanada qulay muhit yaratish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Ikkinchi yoʻnalish — sanoat, investitsiyalar va eksportni yangi bosqichga olib chiqish 

Kelgusi besh yilda Buxoro viloyatida sanoat iqtisodiyotning asosiy oʻsish drayveriga aylanadi.

Buning uchun gaz-kimyo, neft-gaz servislari, qurilish materiallari, toʻqimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, mashinasozlik va kimyo sanoatida yirik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi.

2030-yilga qadar sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 109,9 trillion soʻmga, xizmatlar hajmini esa 133,1 trillion soʻmga yetkazish nazarda tutilgan. 

Shuningdek, ushbu davrda viloyat iqtisodiyotiga 17,7 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar va tashqi moliyaviy resurslarni jalb qilish rejalashtirilgan. 

Eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi oshirilib, tashqi bozorlarda “Made in Bukhara” brendini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratiladi.

Uchinchi yoʻnalish — Buxoroni xalqaro ziyorat va madaniy turizm markaziga aylantirish 

Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, YUNESKO roʻyxatiga kiritilgan noyob obidalari, ziyoratgohlari va hunarmandchilik anʼanalari uning eng katta strategik ustunligidir.

Shu bois strategiyada turizm iqtisodiyotning eng muhim drayverlaridan biri sifatida belgilangan.

2030-yilga kelib viloyatga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini 13,5 million nafarga, turizm xizmatlari eksport hajmini esa 1,7 milliard AQSH dollariga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. 

Buning uchun tarixiy shahar muhitini asrab-avaylash, yangi mehmonxonalar, zamonaviy servis infratuzilmasi, gastronomik, ekologik va ziyorat turizmi yoʻnalishlarini kengaytirish, “24/7 Buxoro” konsepsiyasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Toʻrtinchi yoʻnalish — inson kapitali va kuchli ijtimoiy siyosat

Strategiyaning markazida inson manfaati turadi. Maktabgacha va maktab taʼlimi sifatini oshirish, kasb-hunar taʼlimi tizimini mehnat bozori talablariga moslashtirish, oliy taʼlim va ilm-fan integratsiyasini kuchaytirish asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.
Sogʻliqni saqlash tizimida raqamli yechimlar keng joriy etiladi, profilaktika kuchaytiriladi, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati xalqaro standartlar darajasiga olib chiqiladi.

Kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash va xotin-qizlar hamda yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish boʻyicha manzilli dasturlar amalga oshiriladi.

Strategiyaning pirovard maqsadlaridan biri — Buxoroni kambagʻallikdan xoli hududga aylantirishdir.

Beshinchi yoʻnalish — zamonaviy infratuzilma va hududlarni mutanosib rivojlantirish

Barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, eng avvalo, zamonaviy muhandislik va transport infratuzilmasini rivojlantirishni talab etadi.
Shu bois strategiyada hududlarni rivojlantirishning mutlaqo yangi yondashuvi belgilangan.

Bunda har bir shahar va tumanning iqtisodiy ixtisoslashuvi, tabiiy resurslari, transport imkoniyatlari hamda mehnat salohiyatidan kelib chiqqan holda funksional rivojlanish modeli joriy etiladi. 

Avtomobil yoʻllari, ichimlik suvi, kanalizatsiya, elektr va gaz taʼminoti, raqamli aloqa hamda muhandislik kommunikatsiyalari bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinadi.

Shaharsozlik sohasida aholi uchun qulay va xavfsiz yashash muhitini taʼminlaydigan zamonaviy yondashuvlar joriy etilib, yangi turar joylar, ijtimoiy obyektlar va muhandislik infratuzilmasi yagona bosh rejalar asosida barpo etiladi.

Shuningdek, barcha shahar va tumanlarda investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatini kengaytirish maqsadida muhandislik infratuzilmasi bilan taʼminlangan yangi sanoat maydonlari tashkil etiladi.

Oltinchi yoʻnalish — raqamli iqtisodiyot va innovatsion rivojlanish

Kelgusi besh yilda raqamli texnologiyalar iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga keng joriy etiladi.

Barcha davlat xizmatlari bosqichma-bosqich raqamlashtiriladi, sunʼiy intellekt elementlari joriy etiladi, aholi va tadbirkorlar uchun xizmat koʻrsatish jarayonlari toʻliq elektron shaklga oʻtkaziladi. 

Shu bilan birga, viloyatda IT sohasini rivojlantirish, startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, dasturiy mahsulotlar eksportini kengaytirish va raqamli xizmatlar bozorini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

2030-yilga kelib IT Park rezidentlari soni 169 taga, raqamli xizmatlar eksporti esa 85 million AQSH dollariga yetkaziladi. 

Yettinchi yoʻnalish — ekologik barqarorlik va resurslar samaradorligi

Iqlim oʻzgarishi sharoitida iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash resurslardan oqilona va samarali foydalanish bilan chambarchas bogʻliq.

Shu sababli strategiyaning ustuvor tamoyillaridan biri sifatida har bir soʻm investitsiya, har bir gektar yer, har bir kub metr suv va har bir kilovatt-soat energiyaning iqtisodiy samaradorligini oshirish belgilangan. 

Bu maqsadda suv tejovchi texnologiyalar qamrovi kengaytiriladi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi oshiriladi, chiqindilarni qayta ishlash hajmi koʻpaytiriladi, yashil hududlar kengaytirilib, ekologik barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Ekologik xavfsizlikni taʼminlash iqtisodiy oʻsishning ajralmas qismi sifatida qaraladi.

Sakkizinchi yoʻnalish — har bir hududning ichki imkoniyatlarini toʻliq ishga solish

Strategiyaning eng muhim yangiliklaridan biri — viloyatni rivojlantirishda yagona yondashuvdan voz kechilib, funksional hududiy rivojlanish modeli joriy etilayotganidir. 

Bunda Buxoro shahri – xalqaro ziyorat va madaniy turizm, yuqori qoʻshilgan qiymatli xizmatlar va kreativ iqtisodiyot markaziga, Kogon shahri va Kogon tumani – transport-logistika va sanoat xizmatlari markaziga, Gʻijduvon tumani – sanoat, hunarmandchilik va mahalliylashtirish hamda chorvachilik markaziga, Qorakoʻl va Qorovulbozor tumanlari – gaz-kimyo, neft-gaz servislari va energetika markaziga, Vobkent, Peshku va Shofirkon tumanlari – suv tejamkor agrosanoat hududlariga, Olot – chegaraoldi savdo, logistika markaziga, Toʻdakoʻl turistik hududi – zamonaviy turistik-rekreatsion klasterga aylantiriladi. 

Bu yondashuv har bir hududning raqobat ustunliklarini toʻliq ishga solish, investitsiyalar samaradorligini oshirish va aholi bandligini taʼminlashga xizmat qiladi.

STRATEGIYANING BAJARILISHI VA MONITORINGI

Strategiya faqat maqsadlarni belgilab beruvchi hujjat emas, balki ularga erishishning aniq mexanizmlari, moliyalashtirish manbalari, masʼul ijrochilari va natijadorlik koʻrsatkichlarini qamrab olgan yaxlit boshqaruv tizimidir.

Strategiyani amalga oshirishda “maqsad – vazifa – natija” tamoyili asos qilib olingan. Har bir strategik maqsad boʻyicha taʼsir (Impact), har bir ustuvor vazifa boʻyicha natija (Outcome) hamda har bir amaliy chora-tadbir boʻyicha bevosita natija (Output) koʻrsatkichlari belgilangan. Shu bilan birga, har bir loyihaning moliyalashtirish manbalari, amalga oshirish muddatlari va masʼul ijrochilari aniq koʻrsatilgan. 

Barcha tarmoqlar va hududlar kesimida maqsadli koʻrsatkichlarning bajarilishi yagona raqamli boshqaruv platformasi orqali onlayn kuzatib boriladi. Bu har bir qarorni aniq tahlil, ishonchli maʼlumot va natijaga asoslangan holda qabul qilish imkonini beradi. 

Shu asosda har bir shahar va tuman uchun uch yillik kompleks rivojlantirish dasturlari tasdiqlanib, ularning ijrosi muntazam monitoring qilib boriladi.

Strategiyani amalga oshirishda davlat mablagʻlari samaradorligiga alohida eʼtibor qaratiladi. Endilikda har bir soʻm, har bir investitsiya loyihasi va har bir davlat dasturi qoʻshimcha qiymat yaratish, yangi ish oʻrinlari tashkil qilish, eksportni koʻpaytirish, aholi daromadlarini oshirish hamda kambagʻallikni qisqartirish kabi aniq KPIlar asosida baholanadi.

Strategiyaning bajarilishi xalq deputatlari viloyati Kengashida muhokama qilib boriladi, davlat mablagʻlaridan toʻgʻri foydalanilishi,  har bir mahallaga yetib borishi ustidan taʼsirchan deputatlik nazorati oʻrnatiladi. 2028-yilda strategiyani oraliq baholash, 2030-yil oxirida esa kompleks yakuniy baholash oʻtkaziladi. 

“Buxoro – 2030” strategiyasi — viloyatning keyingi taraqqiyot bosqichini belgilab beradigan, iqtisodiyotning mutlaqo yangi modelini shakllantiradigan, har bir shahar va tumanning ichki imkoniyatlarini toʻliq ishga soladigan, aholi turmush darajasi va sifatini yuksaltirishga qaratilgan muhim hujjatdir.

Sessiyada deputatlar “Buxoro viloyatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi” loyihasidagi maqsadli koʻrsatkichlar, tuman va mahallalar kesimida moʻljallangan ishlarga eʼtibor qaratdi. Yakunda loyiha maʼqullanib, belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritildi. 

Slide 1 of 19