Новости

MUAMMODAN YECHIMGACHA: DEPUTAT TASHABBUSI BILAN "SARBOTIR" KO‘CHASI RAVON BO‘LDI

Xalq deputatlari Qo'qon shahar Kengashi deputati B.Usmonovning navbatdagi amaliy ishi natijasida "Marg‘ilon darvozasi" mahallasidagi uzoq yillik muammo bartaraf etildi.

Ma’lumki, mahallalardagi ichki yo‘llarning holati aholi kayfiyati va turmush tarziga bevosita ta’sir qiluvchi muhim omillardan biridir. Shu yilning boshida "Marg‘ilon darvozasi" MFYda yashovchi fuqarolar tomonidan deputat B.Usmonovga "Sarbotir" ko‘chasini asfaltlash yuzasidan murojaat kelib tushgan edi. Yillar davomida notekis bo‘lib qolgan, yog‘ingarchilik mavsumida aholi va avtomobillar harakati uchun qiyinchilik tug‘dirgan bu yo‘l masalasi deputat tomonidan alohida nazoratga olingan.

Amalga oshirilgan ishlar: Murojaat asosida ko‘chaning holati o‘rganilib, tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborilgan; Mahalliy byudjet va dasturlar doirasida mablag‘ ajratilishiga erishilgan; Asfaltlash jarayonining sifatli bajarilishi deputat nazoratida bo‘ldi.

Bugun deputat B.Usmonov bevosita "Sarbotir" ko‘chasida bo‘lib, yakunlangan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Ko‘cha endilikda zamonaviy va ravon holatga keltirildi. Bu nafaqat ko‘cha chiroyi, balki mahalla ahlining, ayniqsa, maktab o‘quvchilari va keksalarning xavfsiz harakatlanishi uchun katta qulaylikdir.

"Deputatning asosiy vazifasi — faqat eshitish emas, balki aholi ishonchini amaliy ish bilan oqlashdir," — deydi B.Usmonov mahalla faollari bilan suhbatda.

Mahalla ahli o‘z navbatida befarq bo‘lmagan va muammoni ijobiy hal etishda jonbozlik ko‘rsatgan deputatga o‘z minnatdorchiliklarini bildirmoqdalar. Xalq roziligi — oliy maqsadimiz!

Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashi

Slide 1 of 2