MUAMMO DEPUTATLIK NAZORATI ASOSIDA IJOBIY YECHIM TOPMOQDA
Xalq deputatlari Termiz tuman Kengashi 5-Uchqizil saylov okrugi deputati Sh. Norsayev tomonidan Uchqizil MFYning Obod ko‘chasida elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar o‘rganilib, mas’ullarga deputatlik so‘rovi yuborilgan edi.
O‘rganishlar davomida mazkur hududda elektr tarmoqlarining ayrim qismlari eski yog‘och ustunlar hamda aholi tomonidan o‘z imkoniyatidan kelib chiqib o‘rnatilgan turli ustunlar orqali tortilgani, bu esa elektr ta’minoti xavfsizligi va barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aniqlangan.
Shu munosabat bilan hududdagi mavjud eski ustunlarni zamonaviy temir-beton ustunlarga almashtirish hamda elektr tarmog‘ini tartibga keltirish yuzasidan tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuborilgan.
Bugungi kunda mazkur murojaat yuzasidan 50 dona temir-beton ustun hududga olib kelingani ma’lum qilindi.
Ushbu holatni o‘rganish maqsadida Xalq deputatlari Termiz tuman Kengashi mutaxassisi T. Murodov tomonidan joyiga chiqib, monitoring ishlari olib borildi.
O‘rganish davomida beton ustunlarning haqiqatdan ham hududga yetkazib berilgani o‘z tasdig‘ini topdi.
Mas’ul elektr tarmog‘i xodimlari bilan suhbat davomida mazkur beton ustunlar yaqin kunlarda o‘rnatilib, elektr tarmog‘i tartibga keltirilishi ma’lum qilindi.
Mazkur holat deputatlik nazorati orqali aholini qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash, tegishli tashkilotlarga yo‘naltirish va ularning amaliy yechimini nazorat qilishning samarali namunalaridan biridir.