O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yilning 5-avgust kuni Turkmanboshi shahridagi “Avaza” milliy turizm hududida o‘tgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etdi. Dengiz yo‘llari jahon savdo aylanmasining 80 foizini ta’minlaydi, ammo dunyoning 32 mamlakati, shu jumladan, Markaziy Osiyoning barcha davlatlari ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatidan mahrum. Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, shuningdek, boshqa qator davlat va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlarini ishtirok etishi, ushbu nufuzli marosimni ahamiyati va mavqeini ko‘rsatib berdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, global va mintaqaviy barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuksak baholadi. Muhokama qilinayotgan masalalar hayotiy muhim ahamiyatga ega ekanini, chunki dengiz portlaridan jo‘g‘rofiy uzoqlik va bir necha mamlakat hududlarini kesib o‘tish zarurati bir qator obyektiv muammolarni keltirib chiqarayotganini ta’kidladi. Jumladan, tariflarning yuqoriligi, transport yo‘laklari va infratuzilmasining cheklanganligi, boshqa mamlakatlarning bojxona-tranzit siyosatiga qaramlik shular jumlasidan. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, transport xarajatlarining kattaligi va tranzit tizimining beqarorligi tufayli Markaziy Osiyo mintaqasi har yili
yalpi ichki mahsulotning ikki foizigacha yo‘qotmoqda. Logistika xarajatlari mahsulotlar umumiy narxida 60 foizgacha yetmoqda. Bu raqam jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan bir necha barobar yuqoridir.
“Bugun bizni birlashtirgan kun tartibi fundamental masala - adolat masalasiga daxldordir. Bu - dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlashdir” - dedi Prezidentimiz. Buning uchun uchta prinsipial shartni bajarish lozim ekanini ta’kidladi. Bular - barqaror rivojlanish asosi sifatida infratuzilmani modernizatsiya qilish, tranzit muammolarini bartaraf etish maqsadida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish vaglobal teng huquqlilikning muhim elementi bo‘lgan rivojlanish huquqini ta’minlashdir. BMT shafeligida dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitimni ishlab chiqilishi, portlar va kommunikatsiyalardan adolatli foydalanish shartlarini ta’minlaydi, yuk tashishda xavf-xatarlarni pasaytiradi, global logistikada tengsizlikni kamaytirishga xizmat qiladi. Global bozorlarga chiqish barcha uchun teng bo‘lishi kerak. Bu - nafaqat iqtisodiy zarurat, balki birinchi galda, barqaror rivojlanishning muhim omili, xalqaro munosabatlarda ishonch va hamkorlik shartidir.
Prezidentimizga Turkmanistonning “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordenining tantanali topshirilishi
mamlakatimizga juda katta e’tibor va e’tirofning yorqin ifodasidir. Bunday yuksak mukofot ikki xalqning ko‘p asrlik chinakam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarga berilgan baho hamdir. Umuman olganda 5-8-avgust kunlari Turkmanistondagi bo‘lib o‘tgan konferensiya uchinchi anjuman bo‘lib, yangi o‘n yillik rejalashtirish ufqiga ega bo‘lgan Avaza siyosiy deklaratsiyasi qabul qilindi. O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash borasida yana bir zalvorli qadam tashladi.
Xalq deputatlari Bekobod shahar Kengashi deputati U.Abdunazarov