Avvalo, 2026-yil “Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili” sifatida e’lon qilindi. Shu maqsadda kasb-hunar ta’limini rivojlantirish uchun xalqaro standartlar joriy etilishi aytildi. Shu bilan bir qatorda, Prezidentimiz bog‘cha tizimida ham tub o‘zgarishlar kiritilayotganini qayd etdi. Har bir viloyatda “Yangi avlod” bog‘chalari tashkil etilishi, ularda tarbiyachilar ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘rganishi
aytildi. Xususiy bog‘chalarda faoliyat yuritayotgan tarbiyachilarga ham davlat byudjetidan to‘lovlar amalga oshirilishi hamda bog‘chalar pedagoglari va rahbarlarining oyliklari sezilarli darajada oshirilishining aytilishi eng muhim jihatlardan biri bo‘ldi.
Umumta’lim maktablari uchun aytilgan yangiliklar bizlarning quvonchimizga yana quvonch qo‘shdi. 2026-yildan boshlab, 9 va 11-sinf uchun
yagona davlat imtihonlari joriy qilinishi aytildi. Bu imtihonlar orqali o‘quvchilarning bilim darajasi aniqlanib, ularni kasb va oliy ta’lim yo‘nalishlariga to‘g‘ri yo‘naltirishga yordam beradi. Xalqaro til va fan sertifikatlari maktab imtihonlarida tan olinishi haqida ham aytildi. Shu kunga qadar, o’qituvchilarning majburiy mehnatdan ozod qilinganligi, paxta yig’im-terimida ustoz hamda o’quvchilarning mehnatidan foydalanmaslik choralari ko’rilishi natijasida, ta’lim sifati darajasi ko’tarildi, jumladan, o’quvchilar xalqaro va milliy sertifikatlarni hamda chet el OTM ga grantlarni qo’lga kirityaptilar.
O’quvchilarimiz Vatanimiz O’zbekiston nufuzini baland ko’tarishda dadil qadamlarni tashlab ulgurdilar.
Muhtaram Prezidentimiz o‘z nutqida o‘qituvchilar mavqeyi va ularning mehnatini rag‘batlantirish masalalariga ham alohida to‘xtalib
o‘tdi. Pedagoglar uchun xalqaro va milliy sertifikatlash tizimi joriy qilinishi, sertifikat olgan ustozlarga qo‘shimcha
ustama va mukofotlar berilishi aytildi. Sentabr oyidan maktab direktorlarining oylik maoshlari 20% ga, direktor o’rinbosarlari oylik maoshlari 15% ga ko’tarilishi ham barchamizni quvontirdi.
Eng hayajonlisi, bizning ko‘nglimizni va qadrimizni baland ko‘targani- kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang'ich badalining 25 foizi qoplab berilishi hamda kelgusi o‘quv yilida oliygohlarga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontraktiga 30 foiz chegirma berilishi kabi ko‘pgina yangiliklar shular jumlasidan.
Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimanki, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ta’lim tizimini rivojlantirmasdan turib, mamlakat taraqqiyotini tasavvur qilib bo‘lmaydi. 2026-yilda amalga oshiriladigan islohotlar o‘quvchilarga sifatli bilim berish, yoshlarni zamonaviy kasb- hunarlarga yo‘naltirish bilan bir qatorda, o‘qituvchilarning ijtimoiy maqomini yanada yuksaltiradi. Bu esa, albatta, pedagoglarning mehnatidan rozi bo‘lishlari, o‘z kasbini faxr bilan bajarishlari uchun mustahkam asos yaratadi.
Ismailova Soxiba Abduganievna xalq deputatlari To'rto'l tuman Kengashi deputati