Xalq deputatlari Bag‘dod tumani Kengashi deputati Farxod Sarimsakov tomonidan saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish hamda hududlardagi ijtimoiy muammolarni o‘rganish yuzasidan tasdiqlangan reja-jadval asosida “Qashqarimakay” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish davomida 35-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining moddiy-texnik holati ko‘zdan kechirildi. 1989-yilda qurilgan mazkur muassasada bugungi kunda 200 nafar bola tarbiyalanayotgani, biroq bino shu vaqtga qadar mukammal ta’mirlanmagani aniqlandi.
Xususan, tashkilotning eskirgan eshik va derazalarini almashtirish, oshxona hamda ikkita guruh xonasining jami 170 kvadrat metr maydonidagi pol qoplamasini ta’mirlash zarurati mavjud.
Aniqlangan muammolarni bartaraf etish, tarbiyalanuvchilar uchun qulay va xavfsiz shart-sharoitlar yaratish maqsadida deputat tomonidan tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi M. Azimjonovga 83-ds-287-26-sonli deputat so‘rovi yuborildi.
Deputat so‘rovida mazkur muassasada ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun mablag‘ ajratish masalasini ko‘rib chiqish so‘ralgan.