Jańalıqlar

#haftalik_ish_reja_ijrosi #sessiya_kun_tartibiga_kiritiladigan_masalalar #doimiy_komissiya_faoliyati #ekspert_guruhi Termiz shahrida “Tashabbusli budjet” loyihasi ijrosi muhokama qilindi

Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining navbatdagi sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish, sessiya kun tartibiga kiritiladigan masalalarni atroflicha o‘rganish hamda ularning ijrosi yuzasidan deputatlik nazoratini kuchaytirish maqsadida Kengash doimiy komissiyalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Kun tartibidagi asosiy masalalardan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi PQ–5072-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2022-yil 18-apreldagi KQ–334-VI-son qarori ijrosi doirasida Termiz shahrida “Tashabbusli budjet” loyihasining 2026-yilgi 1- va 2-mavsumlarida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotni eshitish va muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Mazkur masala yuzasidan Termiz shahar Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari F.Xodjamkulovning hisoboti tinglandi.

Muhokama davomida “Tashabbusli budjet” loyihasining aholi muammolarini aniqlash, fuqarolarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda mahallalarda ijtimoiy va infratuzilmaviy muammolarni hal etishdagi ahamiyatiga e’tibor qaratildi. Shuningdek, loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlarning samaradorligi, fuqarolar tomonidan ilgari surilgan takliflarning hayotga tatbiq etilishi va ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanish masalalarini atroflicha tahlil qilish muhimligi ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, “Tashabbusli budjet” loyihasi aholining mahalliy budjet mablag‘larini taqsimlash jarayonidagi ishtirokini kengaytirish, fuqarolarni o‘z hududidagi muammolarni hal etishga faol jalb qilish hamda davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashning muhim mexanizmlaridan biridir.

Shu bois loyiha doirasida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, g‘olib deb topilgan tashabbuslarning amaliy ijrosi hamda amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligi yuzasidan tizimli monitoring olib borish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Qo‘shma yig‘ilishda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish, mavjud masalalarni bartaraf etish hamda deputatlik nazoratining samaradorligini oshirishga qaratilgan fikr va takliflar bildirildi.

Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masala yuzasidan tegishli xulosalar shakllantirilib, navbatdagi sessiyada ko‘rib chiqiladigan masalalarni puxta tayyorlash, ularning mazmun-mohiyatini chuqur tahlil qilish va ijro samaradorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.

Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi faoliyatida ochiqlik, hisobdorlik va samarali deputatlik nazoratini ta’minlash, eng muhimi, aholi manfaatlariga xizmat qiladigan tashabbuslarning amaliy natijasiga erishish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.

Slide 1 of 2