Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati N.Egamberdiyeva, tuman Kengashi deputatlari U.Sobirov, M.Valiyeva hamda tuman Kengashi kotibiyati mudiri N.Karimov tomonidan Shayxontohur tumanidagi 84-sonli umumtaʼlim maktabida inklyuziv taʼlim tizimini tashkil etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi.
Oʻrganish jarayonida maktabda inklyuziv taʼlimni tashkil etish holati, imkoniyati cheklangan oʻquvchilar uchun taʼlim olishga yaratilgan sharoitlar, ularning taʼlim jarayonida faol ishtirokini taʼminlash, tengdoshlari bilan birgalikda bilim olishi va ijtimoiy muhitga moslashuvini qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, oʻquvchilarning individual ehtiyojlaridan kelib chiqib, ularga taʼlim-tarbiya jarayonida zarur koʻmak koʻrsatish, psixologik-pedagogik qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish, maktab muhitini barcha bolalar uchun qulay va xavfsiz tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Inklyuziv taʼlimning asosiy maqsadi — har bir bolaning qobiliyati va imkoniyatlaridan qatʼi nazar, sifatli taʼlim olishi uchun teng sharoit yaratish, ularni jamiyatning toʻlaqonli aʼzosi sifatida shakllantirish, mustaqil hayotga tayyorlash hamda tengdoshlari bilan erkin muloqot qilish koʻnikmalarini rivojlantirishdan iborat.
Tashrif davomida maktab rahbariyati va masʼul xodimlar bilan muloqot qilinib, inklyuziv taʼlimni yanada rivojlantirish, mavjud shart-sharoitlarni yaxshilash, imkoniyati cheklangan oʻquvchilarning taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirish yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.
Oʻrganish natijalari asosida aniqlangan masalalarni bartaraf etish, inklyuziv taʼlim samaradorligini oshirish va oʻquvchilar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilab olindi.