Sessiyaga Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi raisi Osimxon Axmatshayev raislik qildi. Unda shahar hokimi Elbek Rustamov, shahar Kengashi deputatlari, ekspert-maslahat guruhi a’zolari, “Madad” nodavlat notijorat huquqiy maslahat byurosining Marg‘ilon shahar bosh mutaxassisi S.Ismoilov, shuningdek, tegishli bo‘lim va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar.
Sessiya kun tartibiga kiritilgan dastlabki masala deputatlar tomonidan shahar mahalliy byudjetining 2026-yil 1-chorakdagi ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Ushbu masala yuzasidan taqdim etilgan hisobotlar asosida byudjet tushumlari, xarajatlar samaradorligi hamda mavjud zaxiralar tahlil qilindi. Deputatlar byudjet mablag‘laridan oqilona va manzilli foydalanish, ayniqsa ijtimoiy sohalarga ajratilayotgan mablag‘larning samaradorligini oshirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirdilar.
Shuningdek, shahar hokimligining “Shahar mahalliy byudjetining 2026-yilgi shakllangan qo‘shimcha manbalari hisobidan mablag‘larni yo‘naltirish to‘g‘risida”gi taklifi deputatlar tomonidan muhokama qilinib, ushbu mablag‘larni eng dolzarb yo‘nalishlarga safarbar etish masalasi keng yoritildi. Deputatlar qo‘shimcha manbalarni aniqlash va ularni samarali taqsimlash orqali hudud infratuzilmasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi turmush darajasini yaxshilashga urg‘u berdilar.
Sessiyada shahar soliq inspeksiyasi rahbarining 2026-yil 1-chorak yakunlari bo‘yicha hisoboti ham tinglandi. Hisobot davomida soliq tushumlari, soliq intizomi, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Deputatlar ushbu yo‘nalishda hali ham foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini qayd etib, soliq bazasini kengaytirish hamda tadbirkorlik subyektlari bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdilar.
Kun tartibidagi masalalardan yana biri “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘larini qayta taqsimlash bo‘ldi. Deputatlar ushbu jamg‘arma mablag‘larini ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ehtiyojmand qatlamlarga yetkazishda adolat va shaffoflik tamoyillariga qat’iy rioya etilishi zarurligini alohida ta’kidladilar.
Bundan tashqari, “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan mablag‘ ajratish masalasi ham qizg‘in muhokama qilindi. Deputatlar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, ta’lim va tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish lozimligini qayd etdilar. Yoshlar masalasi deputatlarning doimiy e’tiborida ekani yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2026-yil 12-martdagi KQ-325–V-sonli qarori ijrosi yuzasidan ham muhim hujjat ko‘rib chiqildi. Xususan, Marg‘ilon shahar byudjetining qo‘shimcha manbalarini aniqlash va ulardan foydalanish tartibini belgilovchi Nizom tasdiqlandi. Deputatlar ushbu Nizom orqali moliyaviy intizomni mustahkamlash, byudjet mablag‘lari ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish mumkinligini ta’kidladilar.
Shuningdek, Xalq deputatlari shahar Kengashi huzurida faoliyat yuritayotgan ekspert-maslahat guruhi tarkibiga tegishli o‘zgartishlar kiritish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Deputatlar ushbu guruh faoliyatini yanada samarali tashkil etish, qarorlar qabul qilishda ilmiy va amaliy yondashuvni kuchaytirish zarurligini bildirdilar.
Sessiya davomida har bir masala yuzasidan deputatlar faol ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalari, tanqidiy va konstruktiv takliflari bilan ishtirok etdilar.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Sessiya jarayoni Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali jonli efirda (https://www.facebook.com/share/v/1LbH822jE1/) namoyish etildi.