Mazkur dastur nafaqat shaharning tashqi ko‘rinishini yangilash, balki uning infratuzilmasini zamon talablari asosida takomillashtirishni ham ko‘zda tutadi.
Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi deputatlari tomonidan ushbu dastur doirasida olib borilayotgan ishlar bevosita joyiga chiqib o‘rganildi. Jarayonda shahar hokimi, shahar Kengashi deputati Sh.Nisbatxonov, Kengash kotibiyati mudiri A.Ermatov, deputat M.Mirzayev hamda kotibiyat bosh mutaxassisi Z.Yakubova ishtirok etib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
O‘rganishlar davomida deputatlar renovatsiya loyihalarini hayotga tatbiq etishda faqatgina binolarning tashqi ko‘rinishini yangilash bilan cheklanib qolmaslik zarurligini alohida ta’kidladilar. Xususan, ichki muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, yashil hududlarni kengaytirish, zamonaviy bolalar maydonchalari va dam olish maskanlarini barpo etish kabi jihatlar aholining hayot sifatini oshirishda muhim omil ekani qayd etildi.
Shuningdek, qurilish tashkilotlari va mas’ul mutasaddilarga ishlarni belgilangan muddatlarda va sifatli bajarish, jarayonni jadallashtirish hamda eng asosiysi, aholi manfaatlarini to‘liq ta’minlash yuzasidan aniq tavsiyalar berildi.