Xalq deputatlari Muborak tumani Kengashining 5-A.Navoiy saylov okrugi deputati N.Djurayeva tomonidan Mash’al mahallasida ijtimoiy xodim faoliyati hamda ehtiyojmand aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati o‘rganildi. O‘rganish davomida mahallada davlat ta’minotidagi 9 ta oila, kambag‘allik chegarasida bo‘lgan 3 ta oila bilan olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi. Mahallada 15 nafar xotin-qiz bepul o‘quv kurslariga jalb etilgan bo‘lib, bu ularning bandligini ta’minlash va daromad manbalarini yaratishga xizmat qilmoqda.
🔺 Joriy yilning bugungi kuniga qadar 5 nafar fuqaroga ortoped-protez moslamalari hamda reabilitatsiya texnik vositalari bepul taqdim etilgan. Shuningdek, Qurbon hayiti va Ramazon oyi munosabati bilan 14 tadan ehtiyojmand oilaga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan. Mahalladagi 13 ta kam ta’minlangan oilaga 1 million so‘mdan moddiy yordam ajratilgan. Yakka tartibda ta’lim oluvchi 2 nafar fuqaro sog‘lomlashtirish kunduzgi parvarish xizmatlariga jalb etilgan, yolg‘iz keksalarga esa 2 nafar assistent biriktirilgan. Amalga oshirilgan manzilli ishlar natijasida Mash’al mahallasi kambag‘allikdan xoli hududga aylantirilgan.
✅ O‘rganish yakunida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tavsiyalar berildi. Aniqlangan masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar belgilandi hamda ularning ijrosi deputatlik nazoratiga olindi.