Ehtiyojmand oilalar uy-joyini ta’mirlash masalasi muhokama qilindi
Xalq deputatlari Quva tuman Kengashi kotibiyatida rahbariyat tomonidan qo‘yilgan topshiriq ijrosi
doirasida o‘tkazilgan yig‘ilishda tumanda yashash xonadoni ta’mirga muhtoj bo‘lgan,
“Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida kam ta’minlangan oila sifatida
ro‘yxatga olingan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash masalasi muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida mazkur toifadagi oilalarning uy-joy sharoitini yaxshilash, ularni ijtimoiy himoya
qilish, manzilli yordam ko‘rsatish hamda ta’mirlash ishlarini tizimli tashkil etish
bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi. Shuningdek, uylarni o‘rganish, texnik
holatini baholash, zarur qurilish materiallari bilan ta’minlashni moliyalashtirish
masalalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari R.Nodirov hamda F.Xoshimova, “Inson”
ijtimoiy xizmatlar markazi tuman bo‘limi direktori A.Yakubov, Mahallalar uyushmasi
tuman bo‘limi boshlig‘i, tuman kengashi deputati A.Isaxonov, Kadastr agentligi tuman
bo‘limi boshlig‘i X.Qurbonov, shuningdek tuman hokimligining qurilish bo‘limi va
obodonlashtirish boshqarmasi mas’ul vakillari ishtirok etdilar.
Mutasaddilar tomonidan har bir oilaning holatini alohida o‘rganish, ehtiyoj darajasidan kelib
chiqib ustuvorlik belgilash hamda ta’mirlash ishlarini qisqa muddatlarda amalga
oshirish bo‘yicha vazifalar kelishib olindi.