Aholi salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarning barvaqt oldini olish hamda sifatli tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish maqsadida oʻtkazilgan mazkur aksiya Margʻilon shahar Sogʻliqni saqlash boʻlimiga qarashli 7-oilaviy poliklinika malakali shifokorlari ishtirokida tashkil etildi.
Aksiya davomida shaharning 247 nafar fuqarosi terapevt, endokrinolog, jarroh, nevropatolog va urolog mutaxassislar tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Shifokorlar tomonidan fuqarolarga sogʻlom turmush tarzini olib borish, kasalliklarning oldini olish hamda davolanish boʻyicha zarur tavsiya va maslahatlar berildi.
Shuningdek, tibbiy koʻrik natijalariga koʻra, ayrim fuqarolarga qoʻshimcha tekshiruv va davolanish uchun kardiologiya yoʻnalishida tegishli tibbiyot muassasalariga yoʻllanmalar rasmiylashtirildi.
Mazkur xayrli tadbirda Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi deputati Sh.X. Ermatov ham ishtirok etib, aksiya samarali tashkil etilishiga amaliy koʻmak koʻrsatdi.
Bunday sogʻlomlashtirish tadbirlari aholining salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish hamda fuqarolarning murojaat va ehtiyojlariga manzilli yechim topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.