Yangiliklar

So‘ngi yangiliklar

Xalq deputatlari Margʻilon shahar Kengashining Ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish kun tartibiga asosan, Marg‘ilon shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan 2025-yil hamda 2026-yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

Yig‘ilishda Marg‘ilon shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbariyati nomidan bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari hisobot berib, 2025-yil va 2026-yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot taqdim etdi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda shahardagi 44 ta umumta’lim muassasasida 42 mingdan ortiq o‘quvchiga qariyb 2 800 nafar pedagog ta’lim bermoqda. Shuningdek, 210 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida 17 800 nafardan ortiq tarbiyalanuvchi qamrab olingan bo‘lib, qamrov darajasi 82 foizdan oshgan.

Hisobotda ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar alohida qayd etildi. Jumladan, davlat dasturlari doirasida bir qator maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumta’lim maktablarida o‘nlab milliard so‘mlik qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. 2025-yilda bir nechta maktab va bog‘chalarda yangi qurilish, rekonstruksiya hamda mukammal ta’mirlash ishlari natijasida yuzlab yangi o‘quvchi va tarbiyalanuvchi o‘rinlari yaratildi.

Shuningdek, maktablarni zamonaviy jihozlash ishlari ham izchil davom etmoqda. 2025-yilda bir nechta maktab to‘liq jihozlangan bo‘lsa, 2026-yilda bu ishlar yana davom ettirilishi rejalashtirilgan.

Ta’lim sifatidagi ijobiy o‘zgarishlar natijalarda ham o‘z aksini topmoqda. Xususan, joriy yilda 11-sinf bitiruvchilarining 35 foizdan ortig‘i oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan sezilarli o‘sishni ko‘rsatadi.

Shuningdek, ta’lim tizimida mavjud muammolar, ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar va kelgusidagi ustuvor vazifalar ham muhokama markazida bo‘ldi. Komissiya a’zolari tomonidan hisobot yuzasidan savollar berilib, tegishli tavsiyalar bildirildi.

Yig‘ilish yakunida doimiy komissiya tomonidan ta’lim sohasida olib borilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Slide 1 of 5