Yangiliklar

“2026-2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish masalasi bugungi kunda davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bois 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan
himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi farmonning qabul qilinishi jamiyatimiz hayotida muhim siyosiy-huquqiy voqea bo‘ldi. Mazkur hujjat bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
 

Strategiya bolalarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy zo‘ravonlik, ekspluatatsiya, beparvolik va kamsitishning barcha ko‘rinishlariga qarshi kompleks choralarni nazarda tutadi. Unda zo‘ravonlik holatlari bilan kurashishdan tashqari, ularning oldini olish, erta aniqlash va bartaraf etish mexanizmlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa bolalarni himoya qilish
tizimini faqat jazolashga emas, balki profilaktika va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan holda rivojlantirishni anglatadi.
 

Farmon bilan tasdiqlangan strategiyada qonunchilikni xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, davlat organlari va muassasalarining o‘zaro hamkorliginimustahkamlash, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarida bolalar xavfsizligini ta’minlashga
qaratilgan aniq vazifalar belgilangan. Shuningdek, raqamli muhitda bolalarni turli tahdidlardan himoya qilish, ota-onalar va pedagoglarning huquqiy ongini oshirish, bolalar bilan ishlovchi mutaxassislarning malakasini doimiy ravishda oshirib borish strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
 

Mazkur strategiyani hayotga tatbiq etishda deputatlarning mas’uliyati alohida ahamiyat kasb etadi. Deputat sifatida biz farmonda belgilangan vazifalarning joylarda to‘liq va sifatli ijro etilishini ta’minlash, fuqarolar bilan bevosita muloqot
orqali muammolarni aniqlash va ularning yechimini topishga ko‘maklashishimiz zarur. Shu bilan birga, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirish strategiyaning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
 

Aytish mumkinki, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish faqatgina davlat organlarining vazifasi bo‘lib qolmasdan, butun jamiyatning umumiy mas’uliyatiga aylanishi lozim. 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan strategiya ana shu yuksak maqsadga erishish uchun mustahkam huquqiy va tashkiliy asos yaratadi. Ushbu farmon izchil amalga oshirilsa, kelajak avlod uchun xavfsiz, sog‘lom va farovon muhitni ta’minlash yo‘lida muhim natijalarga erishish mumkin bo‘ladi.

Zomin tuman Kengashi deputati
N.Oxunova