Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi deputati, “Ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha” doimiy komissiyasi raisi A.Mahkamov tomonidan Marg‘ilon shahridagi 17-sonli va 25-sonli umumta’lim maktablarida tashkil etilgan yozgi oromgohlar faoliyati hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar holati o‘rganildi. O‘rganishda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Marg‘ilon shahar bo‘linmasi bosh mutaxassisi Sh.Zokirova ham ishtirok etib, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning mazmuni va samaradorligi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
O‘rganish davomida o‘quvchilarning yozgi ta’til davrini mazmunli tashkil etish, ularning bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazishga qaratilgan to‘garaklar, sport musobaqalari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar va ijodiy mashg‘ulotlarning tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, oromgohlarda yaratilgan sharoitlar, bolalarning xavfsizligi, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning sifati yuzasidan mas’ullar bilan suhbatlar o‘tkazildi. O‘quvchilarda vatanparvarlik, kitobxonlik madaniyati, milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini shakllantirishga qaratilgan tadbirlar mazmuni ham tahlil qilindi.
O‘rganish yakunida ta’lim muassasalari rahbariyati bilan yozgi oromgohlar faoliyatini yanada takomillashtirish, yoshlarning qiziqish va ehtiyojlaridan kelib chiqib mashg‘ulotlar ko‘lamini kengaytirish, shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi hamda tegishli tavsiya va takliflar bildirildi.
Yosh avlodning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ma’naviy tarbiyasini kuchaytirish borasidagi ishlar deputatlarning doimiy e’tibor markazida bo‘lib qoladi.