DEPUTAT SAYLOVCHILAR ORASIDA
Yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovlarda okruglar saylovchilari o‘zlari yashayotgan hududlardan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, shahar va tumanlar Kengashlariga munosib deputatlarni saylab olishdi. Endilikda mazkur saylangan deputatlarning oldida o‘zlari saylangan mahalla va qishloqlarda yashayotgan aholining roziligiga erishish, ularning dardu muammolarini eshitish va ularni hal etish vazifasi turibdi.
Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati, Kengashning Reglament va deputatlik odob-axloqi masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi A. Tavboyev o‘zi deputat etib saylangan 11-“Emalach” saylov okrugida joylashgan “Ko‘paki” OSHPning Qorabayir filiali shifokor va hamshiralari bilan uchrashib, hududda mazkur filialga sog‘lig‘ini tiklash bo‘yicha murojaat qiladigan aholi soni, ularning 1, 2, 3 va 4-guruhlar bo‘yicha bo‘lingani, ushbu guruhlar bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, tibbiy sug‘urta bilan ishlashdagi muammolar bilan tanishdi. Hozirda mazkur OSHP 13502 nafar aholiga xizmat qilib, shundan 6500 nafariga OSHPning “Navbahor” filiali xizmat ko‘rsatadi. OSHP bo‘yicha 1-tayanch guruhiga 6676 nafar, 2-past xavf guruhiga 2791 nafar, 3-o‘rta xavf guruhiga 2677 nafar va 4-yuqori xavf guruhiga 89 nafar fuqarolar kiritilgan.
Deputat mazkur filialning shifokor va hamshiralari tomonidan olib borilayotgan patronaj va ishlar bilan tanishdi. Shuningdek, deputat ushbu OSHPning binosi holati, qurilish-ta’mirlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar, mazkur filialda ishlarni rivojlantirish uchun qanday ishlar olib borilish zarurligi haqida saylovchilar bilan batafsil gaplashib oldi.