Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-sonli qarori ijrosi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Mazkur o‘rganish Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashining 20-“To‘laboy” saylov okrugidan saylangan deputati O‘.Maxmudov tomonidan “To‘laboy” mahalla fuqarolar yig‘inida profilaktika inspektorining faoliyati hamda mahallada jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida tashkil etildi.
O‘rganish davomida profilaktika inspektorining samarali faoliyat yuritishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, xizmat faoliyatini tashkil etish holati hamda fuqarolar bilan ishlash imkoniyatlari ko‘zdan kechirildi. Jumladan, profilaktika inspektori alohida xizmat xonasi, zarur texnik vositalar va xizmat uyi bilan ta’minlangani aniqlandi.
Shuningdek, mahalla hududida jami 18 ta kuzatuv kamerasi ishga tushirilgani qayd etildi. Ushbu kameralar jamoat tartibini saqlash, hududdagi xavfsizlikni mustahkamlash, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash hamda fuqarolar osoyishtaligini ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘rganish jarayonida mahallada xavfsiz muhitni shakllantirish, profilaktika inspektori faoliyati samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish muhimligi e’tiborga olindi.
Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashi