Deputatlar shifoxona hududida barpo etiladigan yangi tibbiyot majmuasi loyihasini nazorat-tahlil tartibida o‘rgandilar
🏛 Xalq deputatlari Farg‘ona shahar Kengashi kotibiyati mudiri Sh.Kamalov hamda shahar Kengashi deputatlari F.Madaliyeva va D.Teshaboyevlar Farg‘ona shahrini 2026-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlarning ijrosini manzilli o‘rganish maqsadida tasdiqlangan "Yo‘l xaritasi"ga asosan navbatdagi nazorat-tahlil tadbirlarini amalga oshirdilar.
✅ shahar Kengashi deputatlari Farg‘ona shahridagi Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hududida barpo etilishi rejalashtirilayotgan yangi bino loyihasi bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur loyihaga ko‘ra, shifoxona hududida zamonaviy talablarga to‘liq javob beradigan 50 o‘rinli bolalar onkogematologiya bo‘limi hamda Qabul-diagnostika bo‘limi binolarini qurish ko‘zda tutilgan.
✅ O‘rganishlar davomida xalq vakillari tomonidan loyihaning smeta hujjatlari, bino xonalarining funksional taqsimoti, tibbiy logistika qoidalari hamda kelgusida shifoxonani zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash imkoniyatlari chuqur tahlil qilindi. Shuningdek, deputatlar mazkur ijtimoiy soha obyektida qurilish ishlarini sifatli tashkil etish, bemor bolajonlar va shifokorlar uchun xavfsiz hamda qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha o‘zlarining asoslantirilgan taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
✅ Mazkur tibbiyot majmuasining hayotga tatbiq etilishi yuzasidan deputatlik korpusi tomonidan tizimli nazorat-tahlil ishlari doimiy ravishda davom ettirilishi belgilab olindi. Bu kabi loyihalar viloyatda bolalar salomatligini muhofaza qilish, ayniqsa, og‘ir onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarga yuqori texnologik va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish qamrovini tubdan yaxshilashga xizmat qiladi.
🇺🇿 Xalq deputatlari Fargʻona shahar Kengashi
✅ Telegram |✅ Facebook