2026-yil 16-aprel kuni Tuproqqal’a tumani xalq deputatlari Kengashi tomonidan muhim qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, tumanda obodonlashtirish xizmatlarini tartibga solish hamda ichki ko‘chalarni saqlash va ta’mirlash ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida yangi tariflar tasdiqlandi.
Qarorga asosan, Tuproqqal’a tumani Obodonlashtirish boshqarmasiga biriktirilgan tuproq ko‘chalarni shag‘allashtirish va ta’mirlash, shuningdek maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish xizmatlari uchun to‘lov miqdorlari belgilandi. Ushbu xizmatlar tadbirkorlik subyektlari bilan tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-387-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, unda mahalliy byudjetlar barqarorligini oshirish va moliyaviy intizomni kuchaytirish masalalari belgilangan.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, xizmatlardan foydalanuvchi subyektlarga tariflar haqida to‘liq axborot yetkazilishi, hamda xizmatlardan foydalanish ixtiyoriy asosda amalga oshirilishi belgilandi.
Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi va uning ijrosi ustidan nazorat tegishli doimiy komissiya zimmasiga yuklatilgan.