Xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashi ishchi guruhining navbatdagi o‘rganish tadbirlari "Saxovat" mahallasida davom etdi. Unda deputatlar va soha mutaxassislari "mahalla yettiligi" tarkibidagi eng muhim bo‘g‘inlar — ijtimoiy xodim hamda profilaktika inspektori faoliyatini bevosita tahlil qildilar.
🔍 Ijtimoiy himoya: Har bir inson e’tiborda
Mahalla ijtimoiy xodimi Maftuna Xakimova tomonidan o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Xususan:
✅ Kambag‘allikni qisqartirish: Ehtiyojmand oilalarni ro‘yxatga olish va ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash;
✅ Insoniylik tamoyili: Nogironligi bo‘lgan fuqarolar, yolg‘iz keksalar, yetim bolalar hamda vasiylikka olingan shaxslarga ko‘rsatilgan moddiy va ma’naviy yordamlar;
✅ Raqamlashtirish: Barcha ijtimoiy xizmatlarning maxsus elektron tizim orqali shaffof va adolatli amalga oshirilganligi bandma-band tahlil qilindi.
🛡 Huquq tartibot va xavfsizlik: "Mahalla — xavfsiz hudud"
Mahalla profilaktika inspektori Fayzulla Abdumo‘minovning faoliyati ham ishchi guruh diqqat markazida bo‘ldi. O‘rganishda quyidagilarga urg‘u berildi:
📉 Jinoyatchilik profilaktikasi: Hududda huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka moyilligi bo‘lgan shaxslar bilan olib borilayotgan tushuntirish va profilaktika ishlari;
📂 Xizmat vazifalari ijrosi: Mahallada osoyishtalikni ta’minlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar va tegishli hujjatlarning yuritilishi.
Deputatlar tomonidan aniqlangan yutuqlar e’tirof etilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda aholi bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qonuniy va metodik tavsiyalar berildi.
🏛 Maqsad bitta: Mahallabay ishlash tizimi orqali har bir fuqaroning muammosiga yechim topish va hududda xavfsiz muhitni mustahkamlashdir.