Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi deputati S.Donishev tashabbusi bilan shu yilning 28 yanvar kuni Jizzax shahar “Zargarlik” mahallasida hududda tozalik, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini namunali yo‘lga qo‘yish, bu borada yuzaga kelayotgan muammolarga hamkorlikda barham berish masalalariga bag‘ishlangan "Ochiq muloqot" o‘tkazildi.
Mazkur ochiq muloqotga mahalla tozaligiga befarq bo‘lmagan, o‘zini shahar obodligiga daxldor hisoblagan mahalla ahli, o‘sha hududda ijarada turuvchi talabalar to‘planishdi. Bundan tashqari, tadbirda mahalla raisi boshchiligida mahalla yettiligi aʼzolari, oqsoqollar, faollar, va tadbirkorlik subyektlari, Jizzax Davlat pedagogika universiteti masʼullari, talabalar, shahar ekologiya bo‘limi, "Eco House" MCHJ vakillari va boshqa mutasaddilar qatnashdi. Shuningdek, tadbirga Jizzax shahar hokimi K. Xolmurodov ham taklif etilgan bo‘lib, shahar rahbari “Zargarlik” mahallasida keng ko‘lamli qurilish-taʼmirlash ishlari o‘tgan yilning dekabr oyida boshlanib, boshqaruv-servis kompaniyalari faoliyatining o‘ziga qariyib 74 millard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgani haqida so‘z yuritdi. Bundan tashqari, inson qadri va manfaati qonun va qonunosti hujjatlari, qaror va farmonlarda ham birlamchi ahamiyat kasb etishi zarurligini alohida taʼkidladi.
Muloqot davomida aholining belgilanmagan joyga chiqindilarni tashlash, shahar hududida chiqindi solinadigan maxsus idishlarning yetarli emasligi kabi muammolarga ham o‘zgacha yechim va takliflar bildirildi.