


XIRMONTEPA MAHALLASIDA OBODONLASHTIRISH VA KO‘CHA INFRASTRUKTURASI HOLATI O‘RGANILDI
Xalq deputatlari Chilonzor tumani Kengashining 21-Xirmontepa saylov okrugi deputati Mavlonov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Ahmedov Durbek Qudratillayevich bilan birgalikda Xirmontepa mahallasidagi mavjud infratuzilma holatini o‘rgandi.
O‘rganish davomida mahalla ichki ko‘chalarining yo‘l qoplamasi, ularning ta’mirtalab holati hamda tungi vaqtda ko‘chalarni yoritish tizimining samaradorligi ko‘zdan kechirildi.
Ayniqsa, aholining kundalik harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, ichki ko‘chalarda ta’mirlash ishlarini tashkil etish va tungi yoritish bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mavjud muammolarni tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda hal qilish hamda bu boradagi ishlar ijrosini nazoratga olish masalalari muhokama qilindi.
Bunday sayyor o‘rganishlar hududlardagi muammolarni bevosita joyida aniqlash, aholining yashash sharoitini yaxshilash va deputatlik nazoratini samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.