
Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 26-sessiyasi yuzasidan axborot
Amudaryo tumani hokimligi majlislar zalida Xalq deputatlari Amudaryo tumani Kengashining navbatdagi 26-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada
tuman hokimining o‘rinbosarlari, tegishli tashkilot va idoralar rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, xotin-qizlar faollari hamda ommaviy
axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Sessiya ishini Kengash raisi Alisher Yo‘ldashev olib bordi.
Yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat madhiyalari ijrosi bilan boshlandi.
Sessiya kotibligiga 24-Qangli saylov okrugidan deputat Dilnoza Otabaeva nomzodi deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
Kun tartibidan o‘rin olgan masalalar yuzasidan tuman hokimining o‘rinbosarlari hamda tegishli tashkilot va idoralar rahbarlarining hisobot va axborotlari tinglandi. Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar ko‘rib chiqilib, berilgan savollarga mas’ullar tomonidan tegishli javoblar qaytarildi.
Dastlab, tuman mahalliy byudjetining 2026 yil 9 oylik ijrosi hamda byudjet mablag‘larini yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi. Tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Jahongir Yo‘ldoshevning axborotiga ko‘ra, hisobot davrida mahalliy byudjet daromadlari rejasi 111 milliard 178,7 million so‘m etib belgilangan
bo‘lib, amalda 123 milliard 417,5 million so‘m tushum ta’minlandi. Natijada daromadlar rejasi 111 foizga bajarilib, belgilangan ko‘rsatkichdan 12 milliard
238,8 million so‘m ortiq tushum ta’minlangan. Shuningdek, hisobot davrida mahalliy byudjetdan jami 154 milliard 691 million so‘m mablag‘ sarflangani qayd
etildi.
Mablag‘lar qishloq xo‘jaligi va obodonlashtirish, maktabgacha ta’lim, umumiy ta’lim, madaniyat va sport, boshqaruv organlari faoliyati hamda boshqa yo‘nalishlarga sarflangan. Fuqarolar tashabbusli jamg‘armasi va mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratilgan mablag‘lardan foydalanish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Sessiyada tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Mahsud Sherimbetovning huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti ham tinglandi. Qayd etilishicha, voyaga yetmaganlar tarbiyasiga mas’uliyatsiz yondashgan 1 471 nafar ota-onaga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan,
tarbiyasi og‘ir 236 nafar o‘quvchi bilan manzilli profilaktik ishlar olib borilgan. Mahallalarda oldini olish mumkin bo‘lgan 62 ta jinoyat muhokama qilingan. Oilalardagi nizolarni bartaraf etish va ajrimlarning oldini olish maqsadida muammoli 148 ta oila bilan tegishli ishlar olib borilib, ularning 114 tasida yarashuvga erishilgan.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan 1 036 nafar ayolga himoya orderlari berilgan, himoya orderi talablarini buzgan 27 nafar fuqaroga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanilgan. Bundan tashqari, huquqbuzarlik sodir etishga moyil yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan 8 044 nafar shaxs “E-ijtimoiy profilaktika” elektron axborot tizimiga kiritilgan.
Shundan so‘ng tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jahongir Rahimovning mahalliy byudjet daromadlari ijrosi, qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash va soliq tushumlarini oshirish borasidagi axboroti tinglandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil 1 oktyabr holatiga byudjetga 73,9 milliard so‘m tushum ta’minlanib, 66,5 milliard so‘mlik reja 110,9 foizga bajarilgan. O‘tgan yilning mos davrida 58,5 milliard so‘m tushum qayd etilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich 73,9 milliard so‘mga yetgan. Jismoniy
shaxslarning daromad solig‘i tushumlari esa 8,5 milliard so‘mni tashkil etgan. Sessiya kun tartibida 2027 yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ish
bilan ta’minlash uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash va ularni zaxiraga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Ruslan Narimbetovning ma’lumotiga ko‘ra, 162 ta tashkilot tomonidan jami 861 ta ish o‘rnini zaxiraga qo‘yish taklif etilgan. Shundan 362 tasi nogironligi bo‘lgan shaxslar, 53 tasi oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlanganlar, 411 tasi Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalar
a’zolari uchun ajratilishi rejalashtirilgan. Qolgan ish o‘rinlari yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlar, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinganlar hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni ishga joylashtirishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, Amudaryo tumani Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi direktori Baxtiyor Davekovning suv yetkazib berish xizmati faoliyati hamda 2027 yil hosili uchun sho‘r yuvish davrida suv olish limitlarini belgilash yuzasidan hisoboti tinglandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2026 yil 2 sentyabrdagi 146-sonli buyrug‘iga muvofiq, tumanga sho‘r yuvish davri uchun jami 186 million kub metr suv olish limiti ajratilgan. Shundan 35 million kub metri tizim orqali, 151
million kub metri esa daryodan nasoslar yordamida olinishi belgilangan. Suv resurslaridan oqilona foydalanish, ajratilgan limitlarni iste’molchilar
kesimida to‘g‘ri taqsimlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Bundan tashqari, tuman Kengashining maishiy chiqindilarni olib chiqish va obodonlashtirish xizmatlari tariflarini tasdiqlashga oid qaroriga o‘zgartirish kiritish masalasi ham tegishli tartibda ko‘rib chiqildi.
Sessiya yakunida kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan bildirilgan fikr va takliflar inobatga olinib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ul tashkilot va idoralarga belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida hamda sifatli bajarish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.