Barcha yangiliklar
MIGRATSIYADAGI YOSHLAR BILAN OCHIQ MULOQOT: MUAMMOLAR TINGLANDI, AMALIY YECHIMLAR BELGILANDI
Gallery image 280447
Gallery image 280448
Gallery image 280449
NURMATOV AKRAM AXMEDJANOVICH
30 Okt 2026
10:10

MIGRATSIYADAGI YOSHLAR BILAN OCHIQ MULOQOT: MUAMMOLAR TINGLANDI, AMALIY YECHIMLAR BELGILANDI

MIGRATSIYADAGI YOSHLAR BILAN OCHIQ MULOQOT: MUAMMOLAR TINGLANDI, AMALIY YECHIMLAR BELGILANDI

Namangan shahridagi 1-sonli Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan yoshlar bilan videomuloqot tashkil etildi.

Unda Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputati, Namangan shahar hokimi Ayubxon Kamalov, shahar prokurori Qodirxon Asqarov hamda shahar Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ilhomjon Sotivoldiyev ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot olib bordilar.

Muloqot davomida xorijda mehnat qilayotgan yoshlarning murojaatlari, duch kelayotgan muammolari, mehnat sharoitlari, taklif va tashabbuslari tinglandi.

Xususan, Vatanga qaytib, o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan yoshlarga davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar, imtiyozli kreditlar va boshqa qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ularning biznes tashabbuslarini amalga oshirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Shuningdek, xorijda bo‘lib turgan fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda mezbon davlat qonunchiligiga qat’iy rioya etishi, huquqbuzarlik va noqonuniy xatti-harakatlarga aralashmasligi lozimligi alohida ta’kidlandi. 

Bunday holatlar shaxsning o‘zi uchun huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarishi bilan birga, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘siga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi tushuntirildi.

Ochiq muloqot yakunida yoshlar tomonidan bildirilgan murojaatlarni ko‘rib chiqish va ularni ijobiy hal etish yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatilib, ijrosi nazoratga olindi.

Mazkur muloqot deputatlik faoliyatining 1-yo‘nalishi — mahallalarda yoshlar yetakchilari faoliyati va yoshlar bandligini ta’minlash, shuningdek, 23-yo‘nalishi — aholi bandligi masalalariga qaratilgan tavsiyalar doirasida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 20-oktabrdagi O‘RQ-642-sonli “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunining mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratildi.

Bunday ochiq muloqotlar xorijda mehnat qilayotgan yoshlar bilan doimiy aloqani mustahkamlash, ularning muammolariga yechim topish hamda Vatanga qaytib, tadbirkorlik va mehnat faoliyatini boshlash istagidagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.