
Deputatlik so‘rovi
Fuqarolarning ijtimoiy muammolarini o‘rganish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash deputatlik faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Shu maqsadda Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining 22-«Majnuntol» saylov okrugi deputati J.Xamroqulov tomonidan «Majnuntol» mahallasi, Iso at-Termiziy ko‘chasi, 13-burilish, 33a-uyda yashovchi fuqaro O.To‘rayevning murojaati o‘rganildi.
Murojaatda bayon etilishicha, fuqaroning yashash xonadoni ikki yil avval elektr energiyasi bilan bog‘liq muammo oqibatida yuzaga kelgan yong‘in sababli butunlay yonib ketgan. Natijada fuqaro o‘z turar joyidan ayrilgan bo‘lib, bugungi kunda uy-joy muammosini hal etish va yashash sharoitini yaxshilashda amaliy ko‘makka ehtiyoj sezmoqda.
Mazkur holatni inobatga olib, fuqaroning ijtimoiy va moddiy ahvolini atroflicha o‘rganish, unga qonunchilikda belgilangan ijtimoiy yordam choralarini qo‘llash imkoniyatlarini aniqlash hamda uy-joy muammosini hal etish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish maqsadida Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining 22-«Majnuntol» saylov okrugi deputati J.Xamroqulov tomonidan Termiz shahar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi direktori O.Jumayevga deputatlik so‘rovi yuborildi.
So‘rovda fuqaroning murojaatini tegishli mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganish, mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, ijtimoiy yordam ko‘rsatish choralarini belgilash hamda turar joyni tiklash yoki boshqa maqbul yechim orqali uy-joy muammosini hal etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rish so‘raldi.
Shuningdek, murojaatni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Kengash kotibiyatiga yozma ma’lumot taqdim etish masalasi ham deputatlik so‘rovida aks ettirildi.
📌 Deputatlik nazoratining asosiy maqsadi — fuqarolar murojaatlariga befarq bo‘lmaslik, mavjud muammolarni qonuniy tartibda o‘rganish va ularning amaliy yechim topishiga ko‘maklashishdir.