
Deputatlik nazorati natija berdi: elektr kuchlanishi me’yorlashtirildi
Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining 9-“Abdulla Avloniy” saylov okrugi deputati D.Normuradova tomonidan fuqarolar murojaati asosida “Turon” mahallasidagi 8-sonli ko‘p qavatli uyda elektr energiyasi kuchlanishi bilan bog‘liq muammo o‘rganilib, uni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi.
Mazkur ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi fuqarolar xonadonlarda elektr kuchlanishining me’yoridan ortib ketishi va keskin o‘zgarishidan shikoyat qilgan. Ushbu holat maishiy elektr jihozlarining shikastlanishi, ishdan chiqishi hamda aholiga moddiy zarar yetishi xavfini yuzaga keltirayotgan edi.
Fuqarolar murojaatini ijobiy hal etish maqsadida Termiz shahar Elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i Sh. Ochilov nomiga deputatlik so‘rovi yuborildi.
So‘rov asosida mutaxassislar tomonidan manzilga chiqilib, elektr ta’minoti holati joyida o‘rganildi. O‘rganishlar davomida elektr kuchlanishining me’yoridan yuqoriligi aniqlanib, muammoni bartaraf etish maqsadida transformator qurilmasida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Ko‘rilgan amaliy choralar natijasida xonadonlardagi elektr kuchlanishi me’yoriy holatga keltirildi va fuqarolarni tashvishga solayotgan muammo bartaraf etildi.
Fuqarolar murojaatlarini o‘rganish, mavjud muammolarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish hamda ularning ijrosi ustidan nazorat olib borish deputatlik faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.