
Ichimlik suvi ta’minotidagi muammolar yuzasidan deputatlik so‘rovi yuborildi
Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining 9-“Abdulla Avloniy” saylov okrugi deputati tomonidan fuqarolar murojaatlari hamda hududdagi mavjud muammolarni o‘rganish yuzasidan nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazildi.
O‘rganish davomida “Abdulla Avloniy” mahallasidagi 19-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bilan 29-sonli ko‘p qavatli uy oralig‘ida joylashgan ichimlik suvi quvurida nosozlik yuzaga kelgani va bir necha kundan buyon suvning behuda oqib ketayotgani aniqlandi.
Shuningdek, aholidan kelib tushgan jamoaviy murojaatda mahalladagi 15-, 27A-, 31- va 33-sonli ko‘p qavatli uylarning 3–4-qavatlariga ichimlik suvi yetarli bosimda yetib bormayotgani bildirilgan.
Mazkur holat ichimlik suvi resurslarining isrof bo‘lishi bilan bir qatorda, aholining kundalik turmushiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Aniqlangan muammolarni tezkor va amaliy hal etish, fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarga yechim topish maqsadida “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunning 5- va 8-moddalariga muvofiq, xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi raisi, 9-“Abdulla Avloniy” saylov okrugi deputati D.Normuradova tomonidan “Termiz shahar suv ta’minoti” AJ rahbari J.Choriyevga deputatlik so‘rovi yuborildi.
Deputatlik so‘rovida:
· yorilgan ichimlik suvi quvuridagi nosozlikni zudlik bilan bartaraf etish;
· ta’mirlash ishlarini sifatli amalga oshirish va suv isrofini to‘xtatish;
· 15-, 27A-, 31- va 33-sonli ko‘p qavatli uylarning yuqori qavatlarida suv ta’minotini tiklash;
· ta’mirlash ishlari natijasida qazilgan va shikastlangan hududlarni to‘liq qayta tiklash;
· amalga oshirilgan ishlar yuzasidan fotosuratlar bilan asoslantirilgan yozma ma’lumot taqdim etish talablari belgilandi.
Deputatlik nazorati davom etadi!
Asosiy maqsad — fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan muammolarni shunchaki o‘rganish bilan cheklanmasdan, ularning amaliy yechimini ta’minlash, aholini sifatli ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlash hamda hududlarda kommunal xizmatlar sifatini yaxshilashdan iborat.