Barcha yangiliklar
Piyodalar xavfsizligi – deputatlik nazoratida
MAMASHUKUROV RAHMON ABDULAXAT O‘G‘LI
31 Okt 2026
08:45

Piyodalar xavfsizligi – deputatlik nazoratida

Ibn Sino ko‘chasidagi piyodalar svetofori va yo‘lak bilan bog‘liq kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan deputatlik so‘rovi yuborildi.

Termiz shahrida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, piyodalar, xususan, maktab o‘quvchilari uchun xavfsiz va qulay harakatlanish sharoitlarini yaratish masalalari deputatlik nazorati doirasida o‘rganilmoqda.

Shu maqsadda Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi tomonidan shahardagi yo‘l infratuzilmasi holati o‘rganildi.
O‘rganish davomida Termiz shahridagi Ibn Sino ko‘chasida, OITSga qarshi kurashish markazi yaqinida joylashgan piyodalar o‘tish joyida bir qator kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, piyodalar tomonidan boshqariladigan svetofor tugmasi ishlamayotgani, elektr simlari osilib qolganligi, shuningdek, mazkur hududda piyodalar uchun tegishli yo‘lak mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.

Ayniqsa, ushbu hududdan maktab o‘quvchilari va boshqa fuqarolar muntazam foydalanishini inobatga olganda, mavjud kamchiliklar piyodalar xavfsizligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Aniqlangan holatlar yuzasidan Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi, 19-“Marifat” saylov okrugi deputati A.Mustafakulov tomonidan Termiz shahar Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i M.Boltayevga deputatlik so‘rovi yuborildi.

So‘rovda quyidagi masalalar yuzasidan amaliy choralar ko‘rish so‘ralgan:

·        piyodalar svetoforining texnik holatini o‘rganish va nosoz boshqaruv tugmasini almashtirish;

·        osilib qolgan elektr simlarini xavfsizlik talablariga muvofiq tartibga keltirish;

·        piyodalar, ayniqsa, maktab o‘quvchilari uchun xavfsiz harakatlanish imkoniyatini yaratish maqsadida piyodalar yo‘lagini tashkil etish masalasini tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish;

·        aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar belgilash va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Kengashga yozma axborot taqdim etish.

Deputatlik nazoratining asosiy maqsadi – mavjud muammolarni aniqlash bilangina cheklanmasdan, ularning amaliy yechimini ta’minlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini muhofaza qilishdan iborat.