





Ijtimoiy soha obyektlari o‘rganildi
Ta’lim sifati, o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va ta’lim muassasalarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi — doimiy e’tiborda.
Yosh avlodning puxta bilim olishi, zamonaviy talablarga javob beradigan sharoitlarda ta’lim-tarbiya olishini ta’minlash, maktablarda o‘quv jarayonini samarali tashkil etish hamda ta’lim muassasalarining kuz-qish mavsumini barqaror o‘tkazishga tayyorgarligini ta’minlash muhim vazifalardan hisoblanadi. Shu bois ta’lim muassasalaridagi mavjud shart-sharoitlarni o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va mavjud muammolarga amaliy yechim topish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi deputati, Termiz shahar hokimi Sh.Lolayev tomonidan shahardagi 25-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish davomida maktabda ta’lim sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, o‘quv jarayonining tashkil etilishi, dars mashg‘ulotlarining samaradorligi hamda o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar atroflicha ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, sinfxonalarning holati, o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun yaratilgan qulayliklar, maktab binosining umumiy holati, isitish tizimining sozligi va uning kuz-qish mavsumida barqaror ishlashiga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganish jarayonida ta’lim muassasasida mavjud masalalarni o‘z vaqtida hal etish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish, maktab binosida zarur sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish hamda o‘quvchilar va pedagog xodimlar uchun xavfsiz, qulay muhitni ta’minlash yuzasidan tegishli mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Belgilangan vazifalar ijrosi muhim ahamiyatga ega. Chunki ta’lim muassasalarida yaratilgan shart-sharoitlar nafaqat o‘quv jarayonining samaradorligiga, balki o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishi va ta’lim sifatining oshishiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, sovuq kunlar boshlanishidan oldin isitish tizimlari va muhandislik kommunikatsiyalarining shayligini ta’minlash, mavjud muammolarni bartaraf etish dolzarb vazifalardan biridir.
Bunday o‘rganishlar ijtimoiy soha obyektlarining faoliyatini yaxshilash, aholi, xususan, yosh avlod uchun munosib sharoitlar yaratish hamda hududdagi dolzarb masalalarni o‘z vaqtida aniqlab, ularning amaliy yechimini ta’minlashga xizmat qiladi.
Asosiy maqsad — ta’lim sifatini yanada oshirish, maktablarda sog‘lom va xavfsiz muhitni shakllantirish, o‘quvchilar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish hamda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazishni ta’minlashdir.