Barcha yangiliklar
Ijtimoiy himoya amalda: “Turon” mahallasida nazorat-tahlil o‘tkazildi
MAMASHUKUROV RAHMON ABDULAXAT O‘G‘LI
31 Okt 2026
10:46

Ijtimoiy himoya amalda: “Turon” mahallasida nazorat-tahlil o‘tkazildi

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarning ehtiyojlarini o‘z vaqtida aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish deputatlik nazoratining muhim yo‘nalishlaridan biridir.

Shu maqsadda Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi raisi, 9-“Abdulla Avloniy” saylov okrugi deputati D.Normuradova hamda Kengash kotibiyati bosh mutaxassisi R.Mamashukurov tomonidan “Turon” mahallasida nazorat-tahlil ishlari olib borildi.
O‘rganish davomida mahalladagi xotin-qizlar faoli faoliyati, ijtimoiy xizmat va yordamga muhtoj fuqarolarni aniqlash, ularning muammolarini o‘rganish hamda mavjud ehtiyojlardan kelib chiqib, tegishli ko‘mak ko‘rsatish masalalariga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash, ularga moddiy yordam ko‘rsatish, bandligini ta’minlash, tibbiy va davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.

O‘rganish jarayonida ijtimoiy yordamning manzilliligi, fuqarolarning ehtiyojlarini to‘liq qamrab olish hamda ko‘rsatilayotgan ko‘makning amaliy samaradorligini oshirish muhimligi ta’kidlandi. Zero, ijtimoiy himoyaning samaradorligi nafaqat yordam ko‘rsatish, balki har bir fuqaroning muammosiga individual yondashish va uning hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladigan yechimlarni ta’minlash bilan belgilanadi.

Deputatlik nazorati — qonunchilik ijrosini o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash va ularning yechimi yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishiga ko‘maklashish orqali fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.