
“Navro‘z” mahallasida PF–116-son Farmon ijrosi va aholi muammolari muhokama qilindi
Termiz shahrida mahallalarda boshqaruv samaradorligini oshirish, “mahalla yettiligi” faoliyatini muvofiqlashtirish hamda fuqarolarni qiynayotgan masalalarni joyida o‘rganish yuzasidan deputatlik nazorati tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Shu doirada Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining 10-“Navro‘z” saylov okrugi deputati X.Xolmuminov hamda Kengash kotibiyati bosh mutaxassisi A.Temirov “Navro‘z” mahallasida bo‘lib, mahalla raisi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF–116-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan suhbatlashdi.
Uchrashuv deputatlar faoliyati uchun belgilangan “Eng muhim 24 ta yo‘nalish” doirasida tashkil etilib, mahalladagi mavjud holat, aholi ehtiyojlari va muammolarni hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Xususan, “mahalla yettiligi” a’zolari faoliyatini o‘zaro muvofiqlashtirish, xonadonbay ishlash orqali fuqarolar ehtiyojlarini aniqlash, ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash, ehtiyojmand oilalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yo‘l, elektr ta’minoti, ichimlik suvi va obodonlashtirish bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish, ularni mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etish hamda zarur hollarda deputatlik nazorati mexanizmlaridan foydalanish yuzasidan fikr almashildi.
Muhokama yakunida aniqlangan muammolarni tizimli ravishda o‘rganish, aholi murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.