
DEPUTATLIK SO‘ROVI JAVOBI:
DEPUTATLIK SO‘ROVI JAVOBI:
Aholi murojaatlari va hudud infratuzilmasi deputatlik nazoratida!
Xalq deputatlari Termiz tuman Kengashi tomonidan deputatlik so‘rovlari ijrosi doirasida hududlarda yo‘l qoplamalarining holati hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini ta’mirlash jarayonlari o‘rganilmoqda.
Jumladan, 2026-yil 8-oktabrdagi 108-ds-409-26-sonli deputatlik so‘rovi asosida Termiz tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda M. Eshtemirov mahallasidagi “O‘zbekiston” ko‘chasi, Sh. Rashidov mahallasidagi “Farovon” ko‘chasi, Qoraxon mahallasidagi “Istiqlol” ko‘chasi hamda Yangi Hayot mahallasidagi “At-Termiziy” ko‘chasida asfalt qoplamalari qazilib, yaroqsiz holatga kelgani aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, mazkur holatlar suv quvurlarini ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq bo‘lib, ayrim joylarda ishlar tegishli ruxsat hujjatlarisiz amalga oshirilgani yuzasidan ma’lumotlar to‘plangan.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha hujjatlar tegishli tartibda ko‘rib chiqish va qonuniy chora ko‘rish uchun Termiz tumani hokimiga yuborilgan. Shuningdek, “O‘zsuvta’minot” AJ Termiz tumani bo‘limiga buzilgan asfalt qoplamalarini avvalgi holatiga keltirish bo‘yicha muddat belgilangan.
Hududlarda bunday holatlarning oldini olish, yo‘l qoplamalarini asrash va ta’mirlash ishlarini belgilangan tartibda amalga oshirish yuzasidan tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda.
Deputatlik nazoratining asosiy maqsadi — fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, hudud infratuzilmasini asrash va aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilishini ta’minlashdan iborat.