
DEPUTATLIK SO‘ROVI JAVOBI
DEPUTATLIK SO‘ROVI JAVOBI
Xalq deputatlari Termiz tuman Kengashi deputatlik so‘rovlari orqali fuqarolar murojaatlarini o‘rganish va ularning o‘z vaqtida hal etilishini nazorat qilishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Navbatdagi deputatlik so‘roviga “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali “Termiz tumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan taqdim etilgan javobda joriy yil boshidan buyon jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar tahlili hamda ularni hal etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bayon etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidan buyon bo‘limga jami 424 ta og‘zaki va yozma murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning asosiy qismi suyultirilgan gaz ta’minotiga oid bo‘lib, Quyoshli-yurt, Istiqlol, Yangi Yer va Uchqizil mahallalarida maishiy gaz ballonlarini o‘z vaqtida yetkazib berish bilan bog‘liq masalalar ko‘proq qayd etilgan.
Ta’kidlanishicha, suyultirilgan gaz yetkazib berish muddatlarining avval 60–65 kunni tashkil etishiga sabab yetkazib beruvchi zavodlar bilan tuzilgan shartnomalar muddati tugagani bo‘lgan. Shartnomalar qayta rasmiylashtirilishi natijasida hozirda yetkazib berish muddati 40–45 kungacha qisqartirilgan.
Shuningdek, tabiiy gaz tarmog‘iga ulanish hamda elektron gaz hisoblash uskunalari (EGHU) faoliyatiga oid murojaatlar bilan ishlash tartibi haqida ma’lumot berildi. Hisoblash uskunalarining onlayn aloqasi “Billingaz” dasturi orqali kuzatib borilib, aloqa uzilgan holatlarda batareyalar va SIM-kartalarni almashtirish orqali tizim faoliyati tiklanayotgani qayd etildi.
Murojaatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish, fuqarolarga javob berish hamda 1104 va 104 qisqa raqamli aloqa markazlari orqali kelib tushgan murojaatlarni tegishli tartibda yo‘naltirish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Deputatlik so‘rovlarining asosiy maqsadi — hududda aholini gaz bilan uzluksiz ta’minlash, fuqarolar murojaatlariga o‘z vaqtida munosabat bildirilishi va mavjud masalalar yuzasidan amaliy choralar ko‘rilishini ta’minlashdan iborat.