






TADBIRKORLIKNI KENGAYTIRISH VA YANGI ISH O‘RINLARINI YARATISH MASALASI O‘RGANILDI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–406-son qarori, Oliy Majlis Senati Kengashining KQ–35-V-son qarori hamda mahalliy Kengash deputatlari faoliyatining eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan 24 ta tavsiya ijrosini ta’minlash doirasida Marg‘ilon shahrida deputatlik nazorati tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Navbatdagi o‘rganish Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi kotibiyati mudiri A.Ermatov, 21-B. Marg‘iloniy saylov okrugi deputati R.Alijonova hamda deputatga biriktirilgan kotibiyat bosh mutaxassisi Z.Yakubova ishtirokida Yangi bog‘ mahallasida o‘tkazildi.
O‘rganish davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining aholi daromadlarini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirishga qaratilgan PF–193-son Farmonida belgilangan vazifalarning mahalla darajasida bajarilishi, xususan, hokim yordamchisining tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi faoliyatiga e’tibor qaratildi.
Jumladan, Yangi bog‘ mahallasi Karnaychi ko‘chasida istiqomat qiluvchi yakka tartibdagi tadbirkor Dilmurod Saydumarov xonadonida bolalar kiyimlarini ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Tadbirkor bugungi kunda o‘z faoliyatini kengaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha istiqbolli loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Loyihaga muvofiq, tadbirkorlik faoliyatini mas’uliyati cheklangan jamiyat shakliga o‘tkazish, 500 million so‘m miqdorida kredit mablag‘larini jalb etish hamda ishlab chiqarishni kengaytirish orqali 10 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Muhimi, mazkur ish o‘rinlari orqali kambag‘allikdan chiqarilishi rejalashtirilgan fuqarolarni bandlik bilan ta’minlash maqsad qilingan.
O‘rganish jarayonida tadbirkor loyihani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan 500 million so‘m kredit mablag‘ini olish masalasida amaliy yordam so‘radi. Ushbu tashabbus nafaqat mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, balki aholi bandligini ta’minlash va oilalar daromadini oshirish nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.
Deputatlik nazorati doirasida tadbirkorning murojaati va loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Kredit olish imkoniyatlarini o‘rganish, mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda zarur choralarni belgilash hamda tashabbusning amaliy natija berishiga ko‘maklashish masalalariga e’tibor qaratildi.
Zero, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash — yangi ish o‘rinlari, aholi daromadlarining o‘sishi va kambag‘allikni qisqartirishning muhim omilidir. Shu bois deputatlik nazorati tadbirlarida fuqarolar va tadbirkorlarning tashabbuslarini o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularning qonuniy yechimiga ko‘maklashish ishlari davom ettiriladi.