Barcha yangiliklar
Ichimlik suvi ta’minotidagi muammo yuzasidan deputatlik so‘rovi yuborildi
MAMASHUKUROV RAHMON ABDULAXAT O‘G‘LI
30 Okt 2026
09:08

Ichimlik suvi ta’minotidagi muammo yuzasidan deputatlik so‘rovi yuborildi

Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi deputatlari tomonidan hududlarda aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash, fuqarolar murojaatlarini o‘rganish hamda ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida deputatlik nazorati tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.

Shu maqsadda, Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining 1-“Temiryo‘lchi” saylov okrugida o‘tkazilgan deputatlik nazorat-tahlil tadbirlari va fuqarolar bilan uchrashuvlar davomida “Temiryo‘lchi” mahallasi, Yangi hayot ko‘chasida joylashgan suv minorasiga xizmat ko‘rsatuvchi nasos qurilmasi bir necha kundan buyon ishlamayotgani aniqlandi.
Mazkur nosozlik oqibatida hudud aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlashda uzilishlar yuzaga kelib, fuqarolarning kundalik turmushida qator noqulayliklar paydo bo‘lgan.

Uchrashuv davomida fuqarolar ushbu muammoni tezkorlik bilan hal etish, nasos qurilmasini ta’mirlash va ichimlik suvi ta’minotining barqarorligini tiklash yuzasidan amaliy yordam so‘rab murojaat qildilar.

Muammoni bartaraf etish maqsadida, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunning 5 va 8-moddalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 14-yanvardagi KQ-35-sonli qarori ijrosi doirasida Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining 1-“Temiryo‘lchi” saylov okrugi deputati X.Fayzullayev tomonidan “Surxondaryo suv ta’minoti” AJ Termiz shahar bo‘limi boshlig‘i J.Choriyevga deputatlik so‘rovi yuborildi.

Deputatlik so‘rovida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratish so‘raldi:

nasos qurilmasining ishlamay qolish sabablarini aniqlash va mavjud nosozlikni bartaraf etish;

nasosni ta’mirlash, uning to‘liq ish faoliyatini tiklash hamda aholini ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlash;

ta’mirlash ishlari uchun zarur ehtiyot qismlar, texnik vositalar va boshqa resurslar bilan bog‘liq masalalarni hal etish;

kelgusida bunday holatlar takrorlanishining oldini olish uchun suv ta’minoti uskunalarining texnik holatini muntazam nazorat qilish va profilaktik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish;

amalga oshirilgan ishlar, aniqlangan nosozlik sabablari va ko‘rilgan amaliy choralar yuzasidan Kengash kotibiyatiga belgilangan muddatda asoslantirilgan yozma ma’lumot taqdim etish.

Asosiy maqsad — fuqarolarni qiynayotgan muammolarni joyida aniqlash, ularni vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etish hamda aholini sifatli va uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlashga erishishdan iborat.

Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi tomonidan deputatlik so‘rovlari ijrosi va fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarning amaliy hal etilishi yuzasidan nazorat ishlari davom ettiriladi.