



YANGIOBOD TUMANIDA KAMBAG‘AL OILALARNI QO‘LLAB-QUVVATLASH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
Kambag‘allikni qisqartirish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va fuqarolarning munosib turmush sharoitini yaxshilash — manzilli yondashuv va hamjihatlikni talab etadigan muhim vazifadir. Bu jarayonda nuroniylarning hayotiy tajribasi, pand-nasihatlari va jamoatchilikdagi faolligidan samarali foydalanish alohida ahamiyat kasb etadi.
Xalq deputatlari Yangiobod tuman Kengashi raisi, deputat X.Tilakov ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-noyabrdagi PQ–405-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 892-son qarori ijrosi doirasida “Uch nafar faol nuroniy — beshta kambag‘al oilaga mas’ul” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda nuroniylarning boy hayotiy tajribasi va maslahatlaridan samarali foydalanish, ehtiyojmand oilalar bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini chuqur o‘rganish hamda kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan amaliy choralarni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, har bir oilaning sharoiti va ehtiyojidan kelib chiqib, individual yondashuvni yo‘lga qo‘yish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni hal etishda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik qilish muhimdir. Bunda oilalarning faqat bugungi ehtiyojlarini qondirish emas, balki ularning mustaqil daromad topishi va barqaror hayot kechirishi uchun imkoniyat yaratish ustuvor ahamiyatga ega.
Muhokama davomida oilalar bandligini ta’minlash, daromad manbalarini shakllantirish, mehnat qilish va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Nuroniylar, mahalla faollari va mas’ul tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash orqali ehtiyojmand oilalarga ko‘maklashish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va kambag‘allikdan chiqishiga amaliy yordam berish mumkin.
Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, har bir oila bilan individual ishlashni yo‘lga qo‘yish hamda amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligini oshirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
Deputatlik e’tibori va jamoatchilik hamkorligi — har bir oilaning muammosini manzilli hal etish, inson qadrini ulug‘lash va aholi farovonligini oshirish yo‘lidagi muhim omildir.