Barcha yangiliklar
Piyodalar xavfsizligi deputat e’tiborida: Termiz shahridagi chorrahalar o‘rganildi
Gallery image 279156
Gallery image 279157
Gallery image 279158
MAMASHUKUROV RAHMON ABDULAXAT O‘G‘LI
29 Okt 2026
20:07

Piyodalar xavfsizligi deputat e’tiborida: Termiz shahridagi chorrahalar o‘rganildi

Yo‘l harakati xavfsizligi — inson hayoti va salomatligini muhofaza qilishning muhim sharti. Piyodalar uchun qulay va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish esa yo‘l infratuzilmasidagi mavjud kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishni talab qiladi.

Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi tomonidan shaharda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, piyodalar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklarni aniqlash yuzasidan nazorat-tahlil tadbirlari olib borildi.

O‘rganishlar davomida Ibn Sino ko‘chasidagi ayrim piyodalar o‘tish joylarida xavfsiz harakatlanishga to‘sqinlik qilayotgan holatlar aniqlandi.
Jumladan, Ibn Sino ko‘chasining 21-uy yaqinida, shahar Yuqumli kasalliklar shifoxonasi hududiga tutash chorrahada piyodalarning harakatlanishi uchun yetarli qulayliklar yaratilmagan. Asosiy avtomobil yo‘lidan piyodalar yo‘lagiga o‘tish qismida sug‘orish suvi oqadigan kanalcha va taxminan 3 kvadrat metr maydonni egallagan gazon mavjudligi sababli fuqarolar yo‘lni kesib o‘tishda va piyodalar svetoforining ruxsat beruvchi chirog‘ini kutishda noqulayliklarga duch kelmoqda.

🚦 OITSga qarshi kurashish markazi yaqinidagi piyodalar svetoforida ham nosozliklar qayd etildi. Xususan, piyodalar foydalanadigan boshqaruv tugmasi ishdan chiqqan, elektr simlari esa osilib qolgan. Ushbu holat piyodalar, jumladan, o‘quvchi bolalarning yo‘lni xavfsiz kesib o‘tishiga xalaqit berishi mumkin.

Shuningdek, mazkur hududda piyodalar uchun qulay va uzluksiz yo‘lak mavjud emasligi sababli fuqarolar yo‘l yoqasi bo‘ylab harakatlanishga majbur bo‘lmoqda.

📌 Doimiy komissiya tomonidan ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan quyidagi takliflar ilgari surildi:

🔹 Ibn Sino ko‘chasining 21-uy yaqinidagi kanaldan xavfsiz o‘tishni ta’minlash uchun ko‘prikcha o‘rnatish hamda gazon bilan qoplangan maydonda beton qoplamali piyodalar yo‘lagini tashkil etish.

🔹 OITSga qarshi kurashish markazi yaqinidagi svetoforning nosoz boshqaruv tugmasini ta’mirlash yoki almashtirish, osilib qolgan elektr simlarini xavfsiz holatga keltirish.

🔹 Har ikki hududda piyodalar uchun qulay va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish, zarur infratuzilma elementlarining holatini tegishli mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda ko‘rib chiqish.

✅ Nazorat-tahlil tadbirlarining asosiy maqsadi — shahardagi yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash, piyodalar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish hamda ularning vakolatli tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda hal etilishiga ko‘maklashishdan iborat.

Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi doimiy komissiyasi tomonidan hududlarda mavjud muammolarni o‘rganish va ularning yechimi yuzasidan deputatlik nazoratini amalga oshirish ishlari davom ettiriladi.