







DEPUTAT SAYLOVCHILAR BILAN UCHRASHIB, FAOLIYATI YUZASIDAN AXBOROT BERDI
O‘zbekiston Respublikasining “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi Qonuni hamda tasdiqlangan reja-jadvalga muvofiq Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashiga 23-Chilonzor saylov okrugidan saylangan deputat E.Yunusov saylovchilar bilan navbatdagi uchrashuvni o‘tkazib, 2026-yilning uchinchi choragi yakunlari bo‘yicha deputatlik faoliyati yuzasidan axborot berdi.
Chilonzor mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mahalla raisi, mahalla yettiligi a’zolari, ko‘cha boshilari, mahalla faollari, Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi kotibiyat mudiri A.Ermatov hamda kotibiyat bosh mutaxassisi Z.Yakubova, O‘zLiDeP Marg‘ilon shahar Kengashi apparati rahbari M.Xaydarova ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida deputat kotibiyat tomonidan tayyorlangan tahliliy ma’lumotlarga asoslanib, shahar, xususan, 23-Chilonzor saylov okrugi hududida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va istiqboldagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-oktyabrdagi 665-son qarori hamda Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining 2026-yil 8-iyundagi VII-27-43-11-168-K/26-son qarori asosida tasdiqlangan 2026-yilgi ichki yo‘llarni saqlash va joriy ta’mirlash dasturiga muvofiq Chilonzor mahallasidagi Tinchlik ko‘chasining 2 000 metr² qismini asfaltlashtirish ishlari to‘liq bajarilgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, hududda kommunal infratuzilmani yaxshilash, obodonlashtirish, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish hamda aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ham axborot berildi.