




Kengash_faoliyati
#ish_reja_ijrosi
#doimiy_komissiyalar_faoliyati
Mahalliy Kengashlar faoliyatida deputat so‘rovi va nazorat mexanizmlarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi
Oliy Majlis Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tomonidan mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirokida amaliy seminar tashkil etildi.
Unda Xalq deputatlari Bandixon tumani Kengashi raisi, tuman Kengashining barcha doimiy komissiyalari raislari, Kengash kotibiyati mudiri hamda bosh mutaxassislari Zoom platformasi orqali qatnashdi.
Seminarda deputat so‘rovi institutidan samarali foydalanish, aholi murojaatlarini hal etishda mahalliy Kengashlarning rolini kuchaytirish va mas’ul rahbarlarning hisobdorligini oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Xususan, deputat so‘rovlarini mazmunli va asosli shakllantirish, ularga belgilangan muddatlarda javob berilishini ta’minlash hamda natijalarini Kengash sessiyalarida muhokama qilish amaliyotiga e’tibor qaratildi. Deputat so‘rovlari faqat alohida maishiy masalalarni hal etish bilan cheklanib qolmasdan, hududlardagi tizimli muammolarni aniqlash va ularning yechimi yuzasidan mas’ul idoralar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishga yo‘naltirilishi lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Xalq qabulxonalari ma’lumotlari, hokimlar va hududiy davlat organlari rahbarlarining hisobotlarini ko‘rib chiqishda deputatlik nazoratini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Muammolarni dastlab doimiy komissiyalarda chuqur tahlil qilish, ularni sessiya kun tartibiga olib chiqish, ijrosi yuzasidan mas’ullar va aniq muddatlarni belgilash zarurligi qayd etildi.
Seminarda ilgari surilgan tavsiyalar mahalliy Kengashlar faoliyatini takomillashtirish, deputatlarning nazorat vakolatlaridan samarali foydalanishi va aholi murojaatlari yechimida natijadorlikni oshirishga qaratildi.