



Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olindi
Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi tomonidan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning muammolarini o‘rganish hamda ularga belgilangan yordam va imtiyozlarning manzilli yetib borishini ta’minlash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Shu maqsadda Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi raisi, deputat D.Normuradova, Kengashning Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi, ekspert guruhi rahbari A.Mustafakulov, Kengash kotibiyati mudiri A.Ashurov hamda kotibiyat bosh mutaxassisi R.Mamashukurovlar Kengashning 22-«Majnuntol» saylov okrugi deputati J.Xamroqulov okrugiga qarashli «Majnuntol» mahallasida bo‘lishdi.
O‘rganishlar xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining 2026-yil 22-iyundagi VII-22-53-8-121-K/26-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
O‘rganish jarayonida mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar xonadonlariga tashrif buyurilib, ularning yashash sharoitlari, ijtimoiy ahvoli, kundalik ehtiyojlari hamda mavjud muammolari bevosita joyida o‘rganildi. Fuqarolar bilan samimiy muloqotlar o‘tkazilib, ularni qiynayotgan masalalar va qo‘shimcha ko‘makka bo‘lgan ehtiyojlariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Kengash qarorida belgilangan chora-tadbirlarning amaliy ijrosi, nazarda tutilgan imtiyoz va ijtimoiy yordamlarning aholiga manzilli yetkazilishi hamda ko‘makka muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash holati o‘rganildi.
Ushbu xonadonbay o‘rganishlardan asosiy maqsad — ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, ularni hal etish choralarini ko‘rish, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda Kengash qarori ijrosining samaradorligini ta’minlashdan iborat.
Bunday manzilli o‘rganishlar aholining ijtimoiy muammolarini chuqur tahlil qilish, mavjud ehtiyojlardan kelib chiqib tegishli choralarni belgilash va ijtimoiy ko‘makning haqiqatan ham yordamga muhtoj oilalarga yetib borishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi — aholi manfaatlari yo‘lida, joylarda va doimiy muloqotda!