





Chilonzor mahallasidagi 13-maktabda “Ochiq budjet” g‘olib loyihalari deputatlik nazoratidan o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–406-son qarori hamda Oliy Majlis Senati Kengashining KQ–35-V-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, mahalliy Kengash deputatlari faoliyatining eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan 24 ta tavsiya asosida Marg‘ilon shahrida deputatlik o‘rganishlari davom ettirilmoqda.
Navbatdagi o‘rganish Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining 23-Chilonzor saylov okrugi deputati E.Yunusov, Kengash kotibiyati mudiri A.Ermatov hamda deputatga biriktirilgan kotibiyat bosh mutaxassisi Z.Yakubova ishtirokida Chilonzor mahallasida joylashgan 13-maktabda o‘tkazildi.
O‘rganish davomida 2026-yilgi “Ochiq budjet” tashabbusli budjetlashtirish jarayonining birinchi va ikkinchi mavsumlarida g‘olib deb topilgan loyihalarning amalga oshirilish holatiga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, birinchi mavsumda maktab hududida sun’iy qoplamali sport maydonchasi — stadion barpo etish loyihasi g‘olib deb topilgan. Mazkur loyiha o‘quvchilarning sport bilan shug‘ullanishi uchun qulay sharoit yaratish, jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari sifatini oshirish hamda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Ikkinchi mavsumda esa maktabning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan loyiha g‘olib bo‘lgan. Unga muvofiq, ta’lim muassasasini zarur jihozlar, jumladan, partalar, doskalar va elektron doska bilan ta’minlash, shuningdek, texnologiya xonasi uchun to‘rtta tikuv mashinasi xarid qilish ko‘zda tutilgan.
Deputatlar tomonidan mazkur loyihalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilayotgan sharoitlar hamda ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi bilan bog‘liq masalalar joyida o‘rganildi. Bunda loyihalarning belgilangan maqsadlarga muvofiq amalga oshirilishi va ajratilgan mablag‘lar hisobidan kutilgan natijalarga erishilishi muhim mezon sifatida ko‘rib chiqildi.
“Ochiq budjet” doirasida fuqarolar tashabbusi bilan ilgari surilgan loyihalarning amaliy ijrosini deputatlik nazoratidan o‘tkazish jamoatchilik mablag‘larining samarali ishlatilishi, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash hamda o‘quvchilar uchun munosib sharoitlar yaratishda muhim ahamiyatga ega.