

MADANIYAT MARKAZIDA ISITISH TIZIMI MAVJUD EMASLIGI YUZASIDAN DEPUTAT SO‘ROVI YUBORILDI
MADANIYAT MARKAZIDA ISITISH TIZIMI MAVJUD EMASLIGI YUZASIDAN DEPUTAT SO‘ROVI YUBORILDI
🟢 Aholiga sifatli madaniy xizmatlar ko‘rsatish, madaniyat muassasalarida zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda mavjud muammolarni aniqlab, ularning yechimi yuzasidan amaliy choralar ko‘rilishiga ko‘maklashish deputatlik va jamoatchilik nazoratining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashining 4-«Bo‘ston» saylov okrugidan saylangan deputati Usipxodjayev Yerlan Ormanovich tomonidan jamoatchilik nazorati doirasida «Bo‘ston» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Bo‘ston madaniyat markazi faoliyati o‘rganildi.
⚠️ O‘rganish davomida madaniyat markazi binosida isitish tizimi mavjud emasligi aniqlandi. Mazkur holat, ayniqsa, kuz-qish mavsumida xodimlar faoliyatini tashkil etish, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish hamda aholiga madaniy xizmatlar ko‘rsatish uchun zarur sharoitlarni yaratish masalasini dolzarb etib qo‘ymoqda.
🟢 Madaniyat markazlari aholining, xususan, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilishda muhim o‘rin tutadi. Shu bois muassasada munosib sharoitlarni yaratish mavjud muammoni bartaraf etishni taqozo etadi.
🟢 Aniqlangan muammo yuzasidan deputat tomonidan tegishli choralar ko‘rish maqsadida deputat so‘rovi yuborildi.
📝 Jumladan, deputat Usipxodjayev Yerlan Ormanovich tomonidan 2026-yil 27-oktabrda Parkent tumani hokimining o‘rinbosari Sh. Akramovga 64-ds-485-26-sonli deputat so‘rovi kiritildi.
So‘rovda Bo‘ston madaniyat markazi binosida isitish tizimi mavjud emasligi sabablarini o‘rganish, muassasani isitish bilan ta’minlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, isitish tizimini o‘rnatish uchun zarur texnik shart-sharoitlar va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar hajmini aniqlash so‘ralgan.
✅ Shuningdek, muammoni hal etish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar hamda ularning ijrosi yuzasidan asoslantirilgan yozma ma’lumot taqdim etish so‘ralgan.
✅ Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashi deputatlik va jamoatchilik nazorati doirasida hududlarda aniqlanayotgan muammolarni mas’ul tashkilotlar e’tiboriga yetkazish, ularning belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi va yechimi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni nazorat qilishga alohida e’tibor qaratadi.