Barcha yangiliklar
“Alpomish” mahallasida yoshlar bandligi va yoshlar yetakchisi faoliyati o‘rganildi
MAMASHUKUROV RAHMON ABDULAXAT O‘G‘LI
28 Okt 2026
16:28

“Alpomish” mahallasida yoshlar bandligi va yoshlar yetakchisi faoliyati o‘rganildi

Yoshlarni ish bilan ta’minlash, kasb-hunarga yo‘naltirish va ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash — mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Shu maqsadda Termiz shahridagi “Alpomish” mahallasida yoshlar bilan ishlash holati tahliliy o‘rganildi.

Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining 6-“Alpomish” saylov okrugi deputati A.Ashurov hamda Kengash kotibiyati bosh mutaxassisi R.Mamashukurov tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda yoshlar yetakchisining faoliyati, yoshlarning bandligini ta’minlash va ularni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar ko‘rib chiqildi.
O‘rganish O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 14-sentabrdagi O‘RQ–406-sonli “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonuni asosida ishlab chiqilgan savolnoma hamda mahalliy Kengash deputatlari faoliyatining “Eng muhim 24 ta yo‘nalishi” 1-bandi ijrosi doirasida tashkil etildi.

Tahlil jarayonida mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar, ishsiz fuqarolar va ta’lim muassasalari bitiruvchilarini bandlikka yo‘naltirish, ularni doimiy ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish hamda kasb-hunar o‘rgatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, “Alpomish” mahallasida mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar bilan ishlash doirasida belgilangan bandlik dasturi ijrosi 52 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni izchil davom ettirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va hali bandligi ta’minlanmagan yoshlar bilan manzilli ishlash zarurligini ko‘rsatadi.

O‘rganish yakunida yoshlar yetakchisi faoliyatini takomillashtirish, yoshlarning ehtiyoj va muammolarini individual o‘rganish, ularni ishga joylashtirish hamda kasbiy va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni kuchaytirish muhimligi qayd etildi.

Yoshlar bandligini ta’minlash — raqamlar bilan cheklanmaydigan, har bir yoshning hayotida ijobiy o‘zgarish yaratishga qaratilgan mas’uliyatli vazifadir. Shu bois mazkur yo‘nalishdagi ishlar ustidan deputatlik nazorati izchil davom ettiriladi.